Jahonga mashhur trevel blogerlar O‘zbekistonga taklif etiladi

O‘zbekiston 18:53 / 03.06.2024 6971

O‘zbekiston prezidenti mamlakatning turizm salohiyatini to‘liq ochib beruvchi global targ‘ibot kampaniyasini yo‘lga qo‘yish vaqti kelganini aytdi.

Bunda televideniye va onlayn platformalar bilan birga ijtimoiy tarmoqlardan ham foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga 1 oktyabrga qadar “milliy turizm brendi” to‘g‘risida kontent yaratish uchun tanlov o‘tkazib, xalqaro platformalarda targ‘ibotni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Bu maqsadlarga joriy yilda 5 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Auditoriyasi 10 milliondan ortiq bo‘lgan kamida 50 nafar chet ellik blogerlar uchun info-turlar tashkil qilinishi belgilandi.

Joriy yilda Toshkent shahrida, keyingi yilda Xivada Xalqaro gastronomik festivallar o‘tkazish, 300 turdan ziyod taomlarga ega milliy oshxonamizni butun dunyoga targ‘ib qilish muhimligi qayd etildi.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga elektron viza tizimini yanada takomillashtirib, mobil ilovani ham ishga tushirish topshirildi.

Umuman, tarmoq va hududlar rahbarlari joriy yilda 11 million xorijiy sayyohni olib kelish va turizm eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish uchun mas’ul va javobgar bo‘lishi belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: