2 haftadan so‘ng: MXX binosi atrofidagi daraxtlar noqonuniy ko‘chirilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekiston 21:18 / 03.06.2024 9697

Toshkent shahri markazidagi sobiq MXX binosi atrofida joylashgan daraxtlar noqonuniy ko‘chirib ketilgani bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Prokuraturaning tasdiqlashicha, Yunusobod tumanidagi Sayilgoh ko‘chasi 1-uy manzilida olib borilayotgan qurilish loyihasi doirasida “Muna Mag” MChJ tomonidan sog‘lom o‘sib turgan jami 53 tup qimmatbaho navli ko‘p yillik daraxtlar (eman, qarag‘ay, aylantus va boshqalar) belgilangan talablarga zid ravishda noqonuniy ravishda ko‘chirib olib ketilgan.

“Holat yuzasidan daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan xo‘jalik yurituvchi sub’yekt mas’ullari va bunga imkoniyat yaratib bergan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan”, – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Nega buncha kech?

Daraxtlar ko‘chirilayotgani haqida OAV, xususan Kun.uz 22 may kuni xabar bergan, o‘sha kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Bosh prokuraturaga murojaat qilib, holat bo‘yicha zudlik bilan chora ko‘rishni so‘ragandi.

Kun.uz bundan 9 kun oldin – 25 may kuni e’lon qilgan materialida “Muna Mag” kompaniyasi daraxtlarni ko‘chirish uchun ruxsat olmaganini yozgandi.

O‘shanda kompaniya rahbari Farrux Hakimov hozircha 15 dona eman Qibrayga olib kelingani, yana 11 donasi ko‘chirib kelinishi, shu tariqa Sayilgoh ko‘chasidan jami 26 dona 30-70 yoshli eman daraxtlarini ko‘chirish ishlari davom etayotganini aytgandi.

Farrux Hakimov daraxtlar ko‘chirilgan Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasida

Hakimovning o‘sha vaqtdagi gaplariga ishonilsa, bundan 10 kun oldin (tahririyat muxbiri materialni 24 mayda tayyorlagan) daraxtlarning bir qismini ko‘chirish ishlari hali davom etayotgan bo‘lgan. Jinoyat ishining o‘z vaqtida qo‘zg‘atilishi daraxtlarning ma’lum qismini o‘z joyida saqlab qolishga imkon bergan bo‘lardi, ehtimol.

  • Sobiq MXX binosini xususiylashtirib olgan “Metropol Group” kompaniyasi bino joylashgan joyda – 2,2 gektarlik maydonda 22 qavatli hashamatli mehmonxona qurilishini e’lon qilgan.
  • Daraxtlarni ko‘chirish xizmatini ko‘rsatgan “Muna Mag” firmasi rahbari Farrux Hakimov, avvalroq, ko‘chirilgan daraxtlarni suratga olmoqchi bo‘lgan fotografga tahdid qilib, uni haydagan, hatto boshidan gazlangan ichimlik quyib yuborgandi
Ko‘proq yangiliklar: