Kun kadri. Kiyev yaqinidagi Maydanovka qishlog‘i
Kiyev oblastidagi Maydanovka qishlog‘i — Rossiya qo‘shini Ukrainaga bosqin boshida egallab olgan aholi yashash manzillaridan biri bo‘lgan. Maydanovkani Rossiya qo‘shini 2022 yil martida tark etgan. Ikki yildan ortiq vaqt o‘tganidan keyin ham Maydanovkada urush oqibatlari saqlanib qolmoqda.
Lvivda portlash
Ukraina QK «Axill» batalyonidagi «Arxip» FPV-dronlarni tayyorlamoqda va uchirmoqda
«Axill» batalyoni — Ukraina qurolli kuchlarining FVP-dronlaridan foydalanishga ixtisoslashgan 92-alohida shturm brigadasi bo‘linmasidir. Batalyon bu nomni o‘z asoschisi, siyosatchi va ATO faxriysi Yuriy Fedorenkoning chaqiruv belgisidan olgan. Bu avvaliga rota sifatida ajratilgan, ammo o‘tgan qishda uning bazasida batalyon shakllantirilgan. Fedorenkoning so‘zlariga ko‘ra, bo‘linmaning skeleti — keng ko‘lamli bosqinning ilk kunidan xizmatga kirgan ko‘ngillilardan iborat.
Rossiya qo‘shini may oyida Xarkiv oblasti shimolida yurish boshlagach, batalyon jangchilari razvedka ishlari va raqib harakatlariga qarshi turishda faol ishtirok etmoqda. Bo‘linma kun-u tun Xarkiv oblastidagi trassalarni kuzatmoqda va rossiyaliklar harakatini tezlashtirishga mo‘ljallangan harbiy texnikalarni yo‘q qilish uchun dronlar yubormoqda — batalyon xizmatchisi AP jurnalisti bilan suhbatda o‘z vazifasini shunday ta’riflagan. «Bizga piyodalar yetishmayapti. Safarbar qilinayotganlar kam», — degan jangchilardan biri jurnalistga — «bizga odam yetishmayapti, ekipajni esa to‘ldirish kerak. Qolaversa, ruslarda ma’lumot bor. Bu qanday bo‘layotganini bilmayman, ammo bir brigada chiqib, boshqasi kirayotganida, ular bostirib kiradi».
Moskvada harbiy o‘ljalar ko‘rgazmasidagi askarlar
Prigojinning qabrida yodgorlik va kuzatuv kamerasi
1 iyun kuni Sankt-Peterburgdagi Poroxov qabristonida «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojinning haykali ochildi. Marosim Prigojinning tug‘ilgan kuni munosabati bilan tashkil etilgan — shu kuni u 63 yoshga chiqqan bo‘lardi. «Kommersant» nashri yozishicha, yodgorlikka xususiy harbiy kompaniyaning bir qancha a’zolari guldastalar qo‘yishgan. Qabristonda XHK asoschisi haykali bir necha kun oldin paydo bo‘lgandi, 47news xabariga ko‘ra, uni toshni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi «Nensi» kompaniyasi yaratgan, bu ish 9–10 mln rublga baholangan.
Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlar almashuvi
31 may kuni Rossiyadan Ukrainaga 75 kishi qaytdi — Ukrainadan Rossiyaga ham shuncha. Volodimir Zelenskiy ozod etilgan 75 nafar ukrain orasida Ukraina qurolli kuchlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari, chegarachilar hamda tinch aholi vakillaridan to‘rt kishi borligini aytgan. RF mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, asirlikdagi rossiyaliklar qaytarilishida Birlashgan Arab Amirliklari vositachilik qilgan. Rossiya va Ukraina fevral oyidan buyon ilk bor asirlar almashinuvini o‘tkazdi: oxirgi bor 100 nafar ukrain va 100 nafar rossiyalik uyiga qaytgandi. Raqiblar shundan keyin bir-birini yangi almashuvlarni sabotaj qilishda ayblagan. 31 may kuni tomonlar asirlardan tashqari halok bo‘lgan harbiylarining jasadlarini ham olishdi: Ukraina 212, Rossiya — 45.
31 mayga o‘tar kechasi Xarkiv o‘qqa tutilishi
31 mayga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Xarkiv bo‘ylab S-300/S-400 tizimlaridan boshqariluvchi beshta zenit raketasini uchirdi. Raketalardan biri besh qavatli uyga kelib urilgan: pod’yezdlardan birida uchta yuqori qavat vayron bo‘lgan, binoda yong‘in chiqqan. Oblast prokuraturasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Xarkiv o‘qqa tutilishi oqibatida, olti kishi halok bo‘lgan. 25 kishi jarohat olgan, shundan ikki nafari bolalar — 11 yoshli o‘g‘il va 12 yoshli qiz. Rossiya raketalari xususiy korxonani vayron qilgan, 20 dan ortiq ko‘p qavatli uylarga, tez yordam va o‘t o‘chirish xizmati avtomobiliga shikast yetkazgan. Xarkiv keng ko‘lamli urush boshidan buyon raketa hujumlari ostida yashamoqda. May oyi boshida Rossiya armiyasi Xarkiv oblastida yurish boshladi, region o‘qqa tutilishi kuchaytirildi.
Donetsk oblastining okkupatsiya ostidagi qismi o‘qqa tutilishi
DXR rahbari Denis Pushilin bergan xabarga ko‘ra, 31 may tongida Ukraina QK baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan Donetsk oblastidagi Staromixaylovka posyolkasini o‘qqa tutgan. Pushilinning so‘zlariga ko‘ra, Staromixaylovkada tinch aholi vakillaridan besh kishi halok bo‘lib, yana uch kishi jarohatlangan.
Xarkivda yerosti maktabidagi bitiruvchilar
Xarkivdagi yerosti maktabida so‘nggi qo‘ng‘iroq o‘tkazildi. Shahar meri Igor Terexov bitiruvchilarni tabriklashga keldi. Xarkivda bunday maktab qurilishi o‘tgan yil noyabrida boshlangan va 13 may kuni ochilgandi. Xarkivda yerosti maktabidan tashqari «metromaktab» ham ishlamoqda: metroning bir qancha bekatlari o‘quv sinflari uchun qayta jihozlangan.