Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz iste’moliga oshuvchi koeffitsiyentlar joriy etish rejalari haqida gapirdi.
Uning aytishicha, 2024−2025 yillar kuz-qish mavsumi uchun viloyatlar, shaharlar, tumanlar va mahallalar kesimida elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan. Ushbu maqsadlar ishlab chiqarishga xalal bermasdan, iste’molni samarali tashkil etish orqali resurslarning ma’lum qismini tejashni ta’minlaydi.
Tashkilot rahbarlari uchun energosamaradorlik bo‘yicha asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlar (KPI) joriy etiladi.
«Qo‘shimcha ravishda me’yorlar belgilanadi, ya’ni gaz yoki elektr energiyasi iste’moli belgilangan limitning 10 foizidan oshsa, ortiqcha hajmga 2 baravarigacha bo‘lgan tarif qo‘llanadi. Bu — bugungi kunda import borligi hisobiga yanada qimmatlashib borayotgan energiya resurslarini tejash», — dedi u.
Tartib yuridik shaxslar uchun joriy etiladi.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflar oshirilganidan so‘ng may oyida O‘zbekistonda 2023 yilning shu davriga nisbatan elektr iste’moli 324 mln kVt/soatga, gazniki esa 125 mln kub metrga kamayganini aytgandi.