Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan hududlarda turli tadbirlar o‘tkazildi. Ayrim hududlardagi tadbirlarda shaxsan hokimlarning o‘zlari ishtirok etib, bolalarning ko‘nglini ko‘targan. Kun.uz viloyat hokimliklari bolalar kunini qanday o‘tkazgani haqidagi xabarlarni to‘pladi.
Viloyat hokimliklarining rasmiy kanallarida e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, bugun bolalar uchun eng ko‘p vaqt ajratgan hokim Navoiy viloyati rahbari Normat Tursunov bo‘lgan.
Navoiy viloyati hokimi kunning birinchi qismida Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida bolajonlar uchun bo‘lib o‘tayotgan bayram dasturida ishtirok etgan. U tadbirda so‘zga chiqib, bolalarni bayram bilan qutlagan va sovg‘alar ulashgan.
So‘ngra Normat Tursunov Karmana tumani O‘zbekiston mahallasida joylashgan “Yangi zamon bolalari” oilaviy bolalar uyiga borgan. U yerda hokim tarbiyalanuvchilar bilan suhbatlashib, ulardan biri bilan stol tennisi o‘ynagan.
Kunning ikkinchi yarmida esa Tursunov baxtsiz hodisa tufayli uy sharoitida tahsil olayotgan Nilufar Chinpo‘latova holidan xabar olgan va unga bayram sovg‘alarini hadya etgan. Shuningdek, hokim viloyat Onkologiya markazida davo muolajalarini olayotgan bolalar bilan uchrashib, ularga ham bayram sovg‘alarini ulashgan.
Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ham bir qatorda tadbirlarda ishtirok etgan. Jumladan, u Koson tumanidagi 47-sonli DMTT ochilishida qatnashgan. Tadbirda so‘z olgan hokim bugunning o‘zida viloyatda 45 ta bog‘cha foydalanishga topshirilganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Murotjon Azimov ham Qashqadaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bo‘lib, bemor bolalar holidan xabar olgan va ularni tabriklab, sovg‘alar ulashgan.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov mehribonlik uyi bitiruvchilariga uy topshirish tadbirida ishtirok etdi. Qayd etilishicha, rejaga muvofiq 2024 yilda 43 nafar mehribonlik uyi bitiruvchisiga uy topshirilishi ko‘zda tutilgan. Bugungi tadbirda ularning 20 nafariga xonadon kalitlari taqdim qilingan.
Qolgan hududlarda ham bolalar kuniga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tgan. Biroq ularda aynan viloyat hokimlari ishtirok etgani haqida rasmiy kanallarda xabarlar berilmagan. Aksariyatida esa viloyat hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari qatnashgan.