Bosh vazir va’dasi yerda, hunarmandlar esa ko‘chada qoldi. Umrzoqovning qarori nega bekor qilindi?

O‘zbekiston 11:27 / 13.07.2024 17112

Bosh vazir bayoni bilan poytaxtning Uchtepa tumanida barpo etilishi kerak bo‘lgan 4 qavatli hunarmandlar maskani qurilishi boshlangach, “bir yumalab” ko‘p qavatli turar joyga aylanib qolgan. Bunga ruxsat beruvchi xulosa esa shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning bayoni bilan bekor qilingan. Ammo hokim imzolagan bu bayon sudda haqiqiy emas deb topilgan. Ishlar shu tarzda ketadigan bo‘lsa bundan 5 yil avval issiq o‘rnidan ayrilgan hunarmandlar ko‘chada qolishlari aniq.

 

2022 yil dekabr oyida Kun.uz’da Uchtepa tumanida 4 qavatli Hunarmandlar markazi qurilishi kerak bo‘lgan joyda 9 qavatli “dom” qurilayotgani, hunarmandlar esa bundan noroziligi haqida surishtiruv e’lon qilingandi.

Hunarmandlar tahririyatga takroran murojaat qilganlaridan tushundikki, muammo yechimini topmagan. Kun.uz vaziyatni o‘rganish maqsadida nizoli hududga borib, hunarmandlar va quruvchi tashkilot vakillari bilan suhbatlashdi.

Suzukota majmuasi qurilishi munosabati bilan hunarmandlarga tegishli ustaxonalar buzilgani sababli 2019 yil 26 maydagi hukumat sayyor yig‘ilishi bayoni bilan Uchtepa tumani Foziltepa ko‘chasida joylashgan 2,7 gektar yer maydonida “Hunarmandlar guzari” markazi qurilishi va hunarmandlarning buzilgan mulklariga kompensatsiya sifatida quriladigan binoning birinchi qavatidan 52 nafar hunarmand uchun jami maydoni 12 ming 204 metr kvadrat bo‘lgan xonalar ajratib berilishi belgilangan.

2019 yil 26 maydagi hukumat sayyor yig‘ilishi bayoni Foto: Kun.uz

Hunarmandlarga ajratiladigan xonalar qurilish uchun sarflangan xarajatlar hisobida sotilishi, zarurat bo‘lganda ularning puli bir yil davomida bo‘lib to‘lashga imkon berilishi va’da qilingan.

Shundan so‘ng MChJ shaklidagi “Turon meros” korxonasi tashkil etiladi hamda unga Hunarmandlar markazidan joy berilishi ko‘zda tutilgan barcha hunarmandlar uyushadi. Obekt loyihasi, eskizlari va boshqa hujjatlar 2020 yilda tegishli tashkilotlar bilan kelishiladi hamda Qurilish vazirligining ijobiy xulosasi olinadi.

“Hunarmandlar markazi” loyihasi Foto: Kun.uz

2021 yil 1 iyunda esa Toshkent shahar hokimi qarori bilan Foziltepa ko‘chasi 178-uy hududida “Hunarmandlar maskani” qurilishi uchun 1,5 gektar yer maydoni ajratiladi.

Hujjatlarga ko‘ra ushbu hududda 4 qavatli bino qurilishi va unda hunarmandlar faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, ayni vaqtda Hunarmandlar markazi uchun ajratilgan joyda investor tomonidan 9 qavatli uy qurilmoqda.

“Hunarmandlar markazi” o‘rnida qurilayotgan 9 qavatli bino Foto: Kun.uz

Ma’lum bo‘lishicha, dastlab hunarmandlardan tashkil topgan “Turon meros” MChJ boshqaruvi investorga o‘tadi, korxona tashkil topgan paytdagi direktor va o‘rinbosari “o‘yin”dan chiqadi. Hunarmandlar shahar hokimi qarori bilan “Hunarmandlar markazi” qurilishi uchun 1,5 gektar yer maydoni aynan “Turon meros” MChJga ajratilgani, investor kompaniya boshqaruvini qo‘lga olgani ortidan loyiha va smeta hujjatlariga o‘zgartirish kiritib olgani, buni esa o‘zlari bilan kelishmaganini aytmoqda.

Pudratchi tashkilot vakilining aytishicha, qurilish maydonida xarajatlar oshib ketgan. Shundan so‘ng ko‘pchilik hunarmandlar bilan maslahatlashib, 4 qavatli bino loyihasini 9 qavatliga o‘zgartirish orqali hunarmandlarga beriladigan joy tannarxini kamaytirish mumkinligi ma’lum qilingan.

9 qavatli bino qurilish jarayoni Foto: Kun.uz

Yangi binodagi xonadonlar sotuvi allaqachon boshlangan. Pudratchi tashkilot vakillari hunarmandlarga yangi obektning birinchi qavatidan joy ajratib berishni va’da qilgan va hozirgi vaqtda birinchi qavatdagi xonadonlar kvadratini ularga 6,5 mln so‘mdan sotishini va bu uning tannarxi ekanini bildirgan. Biroq bu taklif ularga ma’qul kelmayapti. Hunarmandlar, shuningdek, ish jarayoni juda shovqinli bo‘lishi, binoda aholi yashashi maqsadga muvofiq emasligi, bu yerga ko‘chib keladigan odamlarga shovqin-suron yoqmasligi, oqibatda hunarmandlar va xonadon egalari o‘rtasida mojaro yuzaga kelishi mumkinligini aytmoqda.

Hunarmandlar muammo yuzasidan bir qancha davlat tashkilotlariga murojaat qilgan. Natijada Uchtepa hokimligi tomonidan 9 qavatli bino qurilishi to‘xtatib qo‘yilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, “Turon Meros” MChJ “Hunarmandlar maskani” qurilish ishlarini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlarini boshlab yuborgani sababli Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2022 yil 28 oktyabrda ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Keyin inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tmagani sababli o‘sha yil 4 dekabrda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatish to‘g‘risida xabarnoma berilgan.

Shundan so‘ng investor tomonidan Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga loyihadagi obektni 9 qavatli binoga o‘zgartirish bo‘yicha ariza topshirilib, Qurilish vazirligining ijobiy xulosasi kutiladi. 2023 yil 27 mayda MChJga mazkur hududda pastki qavatlarida hunarmandlar maskani qismini saqlab qolish sharti bilan ko‘p xonadonli turarjoy binolari qurish ishlarini davom ettirishga Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi beriladi.

Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosasi Foto: Kun.uz

2024 yil 1 martda poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov raisligida Toshkent shahar hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi yig‘ilishi o‘tkazilgan. Kengash bayoniga muvofiq “Turon Meros” MChJga tegishli Uchtepa tumanining Foziltepa ko‘chasi 178-uy hududidagi mavjud obektning yuridik hujjatga ega qismining pastki qavatlarida hunarmandlar maskani bo‘lgan ko‘p qavatli xonadonli turarjoy binolariga ixtisoslashtirib, rekonstruksiya qilish yuzasidan Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2023 yil 27 maydagi xulosasi bekor qilinadi. “Turon Meros” MChJga loyihani hunarmandlar bilan kelishilgan holda tegishli loyiha tashkiloti bilan birgalikda qaytadan ko‘rib chiqish vazifasi yuklatiladi.

Toshkent shahar hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi yig‘ilishi Bayoni Foto: Kun.uz

Shundan so‘ng “Turon Meros” MChJ sudga ariza bilan murojaat qilib, Shavkat Umrzoqov imzolagan bu bayonni haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Joriy yil 8 aprel kuni Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud qarori bilan poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov raisligida bo‘lib o‘tgan Toshkent shahar hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashining 1 martdagi qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Hozirgi vaqtda 9 qavatli binolar qurilishi va sotuvi davom etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: