O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha Tailandning yangi elchisi Sasivat Vongsinsavatni qabul qildi.
"Bugun Vazirlikda Tailand Qirolligining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Sasivat Vongsinsavat janoblari bilan uchrashib, uning ishonch yorliqlarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining Telegram-kanalida. – Siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish, o‘zaro tovar aylanmasi hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, turizm, xalq diplomatiyasi va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildik. Biz janob Elchini mazkur lavozimga tayinlangani bilan tabriklaymiz va unga diplomatik missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilaymiz".
O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 6 mayda o‘rnatilgan. Bugungi kunda Bangkokda O‘zbekiston Bosh konsulxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha Filippinning yangi tayinlangan elchisi Roberto G.Manaloni qabul qildi.
"Filippinning O‘zbekistondagi Elchisi etib tayinlangan Roberto G. Manalo janoblarining ishonch yorliqlarini qabul qilishdan mamnunmiz, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari. – Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar yuzasidan fikr almashdik. Shubhasiz, o‘zaro hamkorlik kun tartibini barcha yo‘nalishlarda kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi janob Elchining O‘zbekiston-Filippin munosabatlarida foydalanilmagan ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi".
O‘zbekiston va Filippin o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 13 aprelda o‘rnatilgan.