Ikki tadbirkorga gaz bo‘yicha asossiz hisoblangan 15 mlrd so‘m qarzdorlik bekor qilindi

O‘zbekiston 11:53 / 01.06.2024 2199

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan ikki nafar tadbirkor tabiiy gazdan foydalanganlik uchun noqonuniy qarzdorlik yozilgani to‘g‘risida murojaat qildi.

Toshkent viloyatidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyatini ko‘rsatuvchi MChJ qo‘mitaga 2024 yil aprel oyida murojaat qilib, «Hududgazta’minot» AJ Toshkent viloyati filiali tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bildirib, mazkur masala belgilangan tartibda hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Mazkur murojaat yuzasidan qo‘mitaning Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan asossiz hisoblangan 9,6 mlrd so‘mlik qarzdorlik «Hududgazta’minot» AJ tomonidan «Hududgazta’minot korporativ tizimi» elektron dasturida tahrirlash yo‘li orqali chiqarilishi ta’minlanib, tadbirkorning manfaatlari muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyatini ko‘rsatuvchi MChJ qo‘mitaga joriy yilning mart oyida murojaat qilib, «Hududgazta’minot» AJ Toshkent viloyati filiali tomonidan asossiz penya hisoblanganidan noroziligini bildirib, mazkur masala belgilangan tartibda hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Murojaat va unga ilova qilingan hujjatlar bo‘yicha qo‘mita tomonidan olib borilgan ishlar natijasida tadbirkorlik sub’yektiga asossiz hisoblangan 5,3 mlrd so‘mlik penya «Hududgazta’minot» AJ tomonidan «Hududgazta’minot korporativ tizimi» elektron dasturida tahrirlash yo‘li orqali chiqarilishi ta’minlanib, tadbirkorning masalasi ijobiy hal etilishiga erishildi.

«Qo‘mita tadbirkorlik sub’yektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishda vakolat doirasida amaliy yordam ko‘rsatishga doimo tayyor ekanligi bildiriladi», — deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: