Germaniya kansleri Olaf Shols, Berlin Ukrainaga Germaniya qurollari bilan Rossiyadagi nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berganidan so‘ng, o‘z siyosatini himoya qilib chiqdi. «Biz katta urush - Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushdan qochishimiz kerak. Shu bilan birga, Ukraina o‘z mustaqilligi va suverenitetini himoya qila olishini ta’minlashimiz kerak», dedi Shols 31 may, juma kuni Erfurtdagi katolik cherkovining qurultoyida.
«Eskalatsiyaning ehtiyotkorliksiz, har bir qadamning keskinlashuv tahdidi nuqtayi nazaridan nimani anglatishini sinchiklab o‘ylab ko‘rmasdan turib, oldini olish mumkin emas. Shuningdek, ittifoqchilar bilan muvofiqlashtirish muhim. Biz buni har doim qilamiz va barchani ishontirib aytamanki, bosim qanchalik kuchli bo‘lishidan qat’i nazar, doimo shu asosida harakat qilamiz», dedi Germaniya kansleri.
Berlindan 28 milliard yevrolik yordam
Olaf Shols yana bir bor eslatib o‘tdiki, Germaniya allaqachon Ukrainaga 28 milliard yevro miqdoridagi harbiy yordamni kafolatlagan yoki bergan. «Bu juda zarur. Ular o‘zlarini himoya qila olishlari uchun bularning barchasiga ega bo‘lishlari kerak», deb ta’kidladi Shols.
31 may kuni Germaniya hukumati Ukrainaga Germaniya tomonidan yetkazib berilgan qurollardan Xarkiv viloyati yaqinida Rossiya hududidagi nishonlarga zarba yo‘llash uchun foydalanishga ruxsat berishini ma’lum qildi. Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden ham Kiyevga shunday ruxsat bergan edi.