“Turkiyadagi o‘zbeklar” Telegram-kanali muallifi Beknazar Rahmatov Turkiyaga kiritilmadi. Bu haqida u o‘z kanalida e’lon qilgan.
28 may kuni bloger Istanbul aeroportida maxsus xizmat xodimlari tomonidan olib ketilgani va Turkiyada qonuniy yashab va ishlab kelsa-da, O‘zbekistondan qaytish chog‘ida deport qilinayotganini aytgan:
“Meni ham deport qilishmoqda. Shuncha odamni ogohlantirib, o‘zimning boshimga tushdi.
Turkiyada 4 yildan buyon ishlash ruxsatnomasi bilan yashayotgan bo‘lishimga qaramay, 28 may kuni Istanbul aeroportida Toshkentdan Istanbulga kelgan vaqtimda, samolyotdan tushib 30 metr ham yurganim ham yo‘q, "Beknazar Rakhmatov gim?" deb 4 nafar xavfsizlik xodimi meni 200 ta odamning orasidan alohida chaqirib oldi.
Men uchun alohida taraddud ko‘rishibdi, birga uchib kelgan yurtdoshlarimiz "sizni qayerdan tanishadi, nimaga sizni kutib olishdi?" degan savollar bilan holatimga qiziqib ham qolishdi. Hujjatlarim hammasi joyida bo‘lishiga qaramay, hech qanday sababsiz ortga qaytarib yuborishmoqda” deb yozadi u.
Rahmatovning nima sababdan mamlakatga kiritilmagani va deport sababi ma’lum emas. U bilan xabarlashgan ayni paytda Turkiyada istiqomat qiladigan yana bir o‘zbekistonlik Fayzullaxon Otaxonov o‘z Facebook sahifasida uning aeroportda bir xonada ushlab turilganini ma’lum qilgan:
“Hozirda aeroportda bir xonada ushlab turilibdi. Qo‘ng‘iroq qildim gaplashdim, o‘zi ham gapirib berdi. Polsiya qo‘lidan pasportini olib rasmda ko‘rib turgan xonaga qo‘yishgan. Birozdan keyin, senga kod qo‘yilgan ekan Turkiyaga kirishing mumkin emas, deb deport muhrini bosishgan va tezda bugungi kechki reysga bilet ham olishgan. Beknazar bunchalik tez harakat qilib meni qaytarib yuborayotganlariga hayronman deyapti.
Beknazar juda yaxshi yigit, Turkiya va O‘zbekiston uchun ko‘p yaxshi ishlar qildi. Ikki xalqni birlashtiradigan, bir-biriga tanitadigan maqolalar yozdi, xabarlar yoritdi. “Turkiyadagi o‘zbeklar” Beknazarni juda yaxshi tanishadi, kanalidagi foydali maqolalarni, berayotgan ma’lumotlarni o‘qib borishadi. Qiynalganlarga juda ko‘p yordam qilganiga ham guvohman.
Xullas, Beknazarni nega deport qilishyapti bilmadim, lekin katta xato qilishyapti. O‘zi oxirgi paytlarda Turkiyaning biz o‘zbeklarga qilayotgan muomalasi oldingidek emas. Oxirgi 2-3 oyda deport qilinayotgan vatandoshlarimiz anchagina ko‘paygan. Hujjatsiz yurayotganlar bo‘lsa mayli, lekin Beknazarga o‘xshab hamma hujjati joyidalarni ham orqaga qaytarayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Bu kabi ishlar ikki davlat orasidagi aloqalar zaiflashishiga olib keladi. Xatolar tuzatilishi kerak, muammolar chuqurlashib ketmasin” deb yozadi u.
“Migrant.uz”ning yozishicha, Beknazar Rahmatovga Istanbuldagi Bosh konsulxona ham yordam bera olmagan.
“Qizig‘i, butun boshli samolyotdan faqat Beknazar Rahmatovgina turk chegarachilarining nazariga tushgan. Beknazar O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi ham qo‘lidan kelgancha yordam berishga harakat qilgani, biroq oxir-oqibat hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramay, hech qanday sababsiz ortga qaytarib yuborilganini yozgan”.
Ma’lum qilinishicha, bloger turk chegarachilari harakatidan noroziligini bildirib, ikki oy ichida apellyatsiya berish huquqidan foydalanishini aytgan.
“Migratsiya masalalariga bag‘ishlangan qator nashrlarda joriy yil mart oyidan beri Istanbulga kelgan 20-35 yoshli o‘zbekistonlik yoshlarning ayrimlari O‘zbekistonga qaytarilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Beknazar Rahmatov ham o‘zining Telegram-kanalida ushbu holatlar haqida ma’lum qilib kelayotgan edi.
Bu xabarlardan so‘ng Turkiyada yashayotgan o‘zbeklarda xavotir uyg‘ondi. Shu yil may oyi boshida Toshkentga tashrif buyurgan Turkiya vitse-prezidenti Jyevdet Yilmazdan o‘zbekistonlik jurnalistlar o‘zbekistonliklarning Turkiyaga kiritilmagani holatlariga izoh berishni so‘radi” deyiladi xabarda. Saytning Turkiyadagi muxbiri Sohiba Hayot Beknazar Rahmatovning 5 yilga deport qilinganini aytgan. Ayni vaqtda bloger bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Uning 22 mingdan ortiq obunachilarga ega telegram kanali ishlab turibdi.
O‘zbekistonliklarning Turkiyaga kiritilmayotgani yuzasida Istanbuldagi Bosh konsullik va Tashqi ishlar vazirligi hozircha munosabat bildirmadi.