Nelson Mandela prezident etib saylanganidan keyin 1994 yildan beri Janubiy Afrikada (JAR) hokimiyat tepasida turgan Afrika Milliy Kongressi (AMK) partiyasi ilk bor parlament saylovlarida mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmadi.
Ovozlarning 97 foizidan ortig‘i hisoblanganda, AMK 40 foizini, o‘ng markazchi Demokratik alyans 21,7 foizini, so‘l-populist MKP (Janubiy Afrikaning sobiq prezidenti Jyeykob Zuma partiyasi) 14,8 foizini va milliy kommunistik EFF 9,3 foizini to‘pladi.
AMK endi parlamentda hukmron koalitsiya tuzishi kerak bo‘ladi. Partiya raisi Gvede Mantashe so‘zlariga ko‘ra, bu koalitsiyaga Demokratik alyans kirishi dargumon. Uning so‘zlariga ko‘ra, AMK bilan koalitsiya tuzmoqchi bo‘lgan partiyalar o‘z nizomini mamlakatning qora tanli aholisi imkoniyatlarini kengaytirish g‘oyalariga muvofiqlashtirishi kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, Demokratik alyans rahbari Jon Stinxusayn o‘z partiyasining AMK koalitsiyasiga kirishini istisno etmadi. U, o‘z navbatida, amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan asosiy talablarni ilgari surdi: qonun va konstitutsiyaga hurmat, iqtisodiy o‘sishga erishishda xususiy sektorni davlat bilan hamkor sifatida ko‘radigan ijtimoiy bozor iqtisodiyoti, korrupsiyaga mutlaqo toqat qilmaslik, iqtisodiy siyosatga e’tibor qaratish, ish o‘rinlari yaratish.
1994 yilda Nelson Mandela prezident bo‘lgach, mamlakatda o‘tkazilgan birinchi demokratik saylovlardan beri AMK har doim 50 foizdan ko‘proq ovozni qo‘lga kiritgan. Biroq, korrupsiya, ishsizlik va jinoyatchilikning yuqori darajasidan norozilik tufayli partiyani qo‘llab-quvvatlash sezilarli darajada kamaydi.