Modi Hindistondagi parlament saylovlarida o‘z partiyasi g‘alaba qozonganini e’lon qildi

Jahon 21:34 / 01.06.2024 5783

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘zining Bharatiya Janata partiyasi (BJP) parlament saylovlarida ishonchli g‘alabaga erishganini e’lon qildi.

«Ishonch bilan ayta olamanki, Hindiston xalqi rekord darajadagi ovoz berish jarayonida BJP hukumati hokimiyatda qolishini qo‘llab-quvvatladi», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Hindistonda saylovlar 19 aprelda boshlanib, 1 iyunda yakuniga yetdi. Saylovlar bir necha bosqichda o‘tdi. Yakuniy rasmiy natijalar 4 iyun kuni ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.

Saylovlarda taxminan 968,6 million kishi ovoz berish imkoniga ega bo‘ldi, bu Yevropa Ittifoqi, AQSh va Rossiya aholisining umumiy sonidan ko‘p.

Saylov natijasida parlament quyi palatasining (Lok Sabxa) 543 nafar deputati saylanadi. Ovozlarning 50 foizidan ortig‘ini (ya’ni 272 va undan ortiq o‘rinni) olishga muvaffaq bo‘lgan partiya g‘olib bo‘ladi – bu unga hukumatni shakllantirish va o‘z a’zolari orasidan bosh vazirni tayinlash imkonini beradi.

Joriy saylovlarning yaqqol favoriti Narendra Modining hukmron millatchi Bharatiya Janata partiyasi (BJP) bo‘lib turibdi, siyosatchi allaqachon uchinchi muddatga bosh vazir bo‘lishga intilmoqda.

Unga asosiy raqib Hindistonning eng ko‘hna siyosiy partiyasi - Hindiston milliy kongressi (HMK) bo‘lib, mamlakatni uzoq muddat davomida boshqarib kelgan. 2014 yilgi saylovlarda BJP shov-shuvli tarzda g‘alaba qozondi, HMK esa parlamentda atigi 52 o‘ringa ega bo‘ldi. Saylovlar arafasida HMK va boshqa muxolif kuchlar I.N.D.I.A deb nomlangan ittifoq tuzdilar.

Modining raqiblari o‘z saylovoldi kampaniyasini joriy hukumatni o‘sib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik va korrupsiya uchun tanqid qilish asosiga qurdi. HMK, shuningdek, agar saylovda g‘alaba qozonsa, quyi kastalar vakillarini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini kengaytirish uchun deyarli bir asrda birinchi marta kastalarni ro‘yxatga olishni o‘tkazishga va’da berdi.

BJP saylov kampaniyasi kasta farqlariga emas, balki diniy tafovutlarga qaratildi. Modi muxolifatni hindlarning boyliklarini tortib olib, musulmonlarga tarqatishga intilayotganlikda aybladi. Hindistonda islom diniga 200 millionga yaqin kishi e’tiqod qiladi.

Modi o‘z ittifoqchilari oldiga ulkan maqsad qo‘ygan: BJP parlamentdagi o‘rinlar sonini 2019 yilda qo‘lga kiritgan 303 o‘rindan 370 tagacha oshirish. Bu raqam ramziy ahamiyatga ega. 2019 yil avgustida, saylovdagi g‘alabasidan ko‘p o‘tmay, Modi hukumati Hindiston Konstitutsiyasining 370-moddasiga binoan Jammu va Kashmirning maxsus maqomini bekor qildi. Asosan musulmonlar yashaydigan Kashmirga qo‘shni Pokiston da’vo qilib keladi.

Saylovlarni bir necha bosqichga bo‘lish zarurati nafaqat aholining ko‘pligi (Hindiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha Xitoydan o‘zib ketib, dunyoda birinchi o‘rinda turadi), balki Hindiston qonunchiligi bilan ham belgilanadi, unga ko‘ra saylov uchastkalari har bir saylovchi uyidan 2 km uzoqda bo‘lmasligi kerak. Bu talabni bajarish uchun ovoz berishning barcha yetti bosqichida mamlakatda 1 millionga yaqin saylov uchastkasi ochildi.

Modi so‘zlariga ko‘ra, I.N.D.I.A. muxolifat alyansi «saylovchilar qalbiga yo‘l topa olmadi».

Hindiston va G‘arb ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, Modi bunday bayonotni «exit-poll» natijalariga tayanib aytgan. Unga ko‘ra, BJP haqiqatda katta g‘alabaga erishgan. Shunday qilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, BJP 543 o‘rinli parlament quyi palatasida 350 dan ortiq o‘rinni egallaydi. I.N.D.I.A. alyansi 120 dan sal ko‘proq o‘ringa ega bo‘ladi. Ba’zi ommaviy axborot vositalari Hindistondagi «exit-poll» natijalari har doim ham to‘g‘ri chiqmasligini ta’kidlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: