"Dunyo" xabariga ko‘ra, tadbirda Misr Oliy madaniyat kengashi bosh kotibi Hisham Azmiy, Misr milliy tarjima markazi rahbarlari, adabiyotshunoslar, tarjimonlar, universitet professorlari, ushbu davlatda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, mahalliy OAV vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Tadbirni mamlakatimiz elchisi Mansurbek Qilichev ochib berdi. Elchi o‘z nutqida o‘zbek adabiyotining buyuk namoyandalari, ularning betakror asarlari haqida so‘zlar ekan, 20 asr boshiga kelib o‘zbek adabiyotida Abdulla Qodiriy tomonidan yangi sahifa ochilganini ta’kidladi.
Asar tarjimoni Ayn-Shams va Luksor universitetlari professori Muhammad al-Jibali o‘z ma’ruzasida roman va unda keltirilgan o‘zbek xalqi madaniyati, urf odatlari, uning tarbiyaviy-axloqiy jihatlari, shuningdek, buyuk asarning taqiqqa uchrashi hamda muallifning ayanchli taqdiri haqida batafsil aytib o‘tdi.
"O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi ko‘magida oradan 100 yil o‘tib, ushbu roman ilk marotaba arab dunyosi o‘quvchilariga "O‘tkan kunlar: Turkistondagi achchiq sevgi qissasi" nomi ostida taqdim etilishi buyuk yozuvchining 130 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi. O‘zbek xalqi uchun qadrdon bo‘lgan ushbu asarni arab tiliga tarjima qilganimdan xursandman. Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar davom ettirishga ham tayyorman", dedi tarjimon.
Mazkur asarning arab tiliga tarjimasi Google Books platformasiga bepul joylashtirildi, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Toshkentdagi Abdulla Qodiriy uy muzeyi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Saudiya Arabistoni, BAA, Ummon, Qatar, Iordaniya, Jazoir, Kuvaytning Toshkentdagi elchixonalari orqali ushbu davlatlardagi yirik oliygoh va kutubxonalarga yetkazildi.