«Majburiy raqamli markirovkalash jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 sentabrdan:
Tadbirkorlar tomonidan markirovkalanadigan mahsulotlarni markirovkani o‘qish qurilmalaridan foydalanmagan holda sotish holatlari soliq organlari bazasi ma’lumotlari asosida aniqlanganda, ushbu tadbirkorlar shaxsiy kabineti orqali holat yuzasidan ogohlantiriladi hamda quyidagi choralarni ko‘rish amaliyoti joriy etiladi:
- ikki marta ogohlantirishdan so‘ng qonun buzilishi bir oy ichida qayta takrorlangan taqdirda, tadbirkorlarga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan chorakdagi faoliyat yuzasidan soliq tekshiruvi tayinlanadi;
- qonun buzilishi soliq tekshiruvi yakunlangandan bir oydan keyin qayta takrorlanganda tadbirkorlarni xabardor qilmasdan hamda Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni tekshirish kunida xabardor qilgan holda soliq tekshiruvi tayinlanadi.
Soliq qo‘mitasi har chorakda majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar orasidan har bir hudud kesimida inson omilisiz avtomatik tarzda kamida 10 foizini tanlab olgan holda, ularda nazorat tadbirlarini o‘tkazadi hamda qonun buzilishi holatlari aniqlangan sub’yektlar faoliyati keyingi uch chorak davomida nazorat qilib boradi.
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvargacha raqamli markirovkalangan mahsulotlar chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlar uchun markirovkani o‘qish qurilmalarini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, biroq bitta qurilma uchun BHM 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i summalari kamaytirish huquqi beriladi.
Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni markirovkalash uchun zarur bo‘lgan va import qilinadigan uskunalar (TIF TN kodlari: 7616 999 009, 9029 900 009, 8544 499 500 va 8528 529 000) 2024 yil 1 iyundan 2027 yil 1 iyungacha bojxona bojidan ozod qilinadi.