Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan oilaviy uylarni tashkil etgan, fidoyi, o‘z ishiga sadoqatli insonlar taqdir taqozosi bilan ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalari bilan birga Senatga tashrif buyurishdi. Uchrashuvda davlat tomonidan bolalarning manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, mehribonlik uylarining o‘rniga bolalarning oilaviy uylarda tarbiyalanishi ahamiyati, bolalarning salohiyatini yuzaga chiqarish borasidagi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashilgan.
Senat raisi Tanzila Norboyeva bayram munosabati bilan tabrik ham yo‘llab, mazkur bayram barchaga oilalarning, davlatning g‘ururi va iftixori farzandlar ekanini eslatib turishini ta’kidlab o‘tdi.
“Hammamizga ayonki, zamonaviy bilimga ega, ma’naviyatli, o‘z qadrini anglagan insonlar yashaydigan davlat boshqa mamlakatlar bilan raqobatdosh bo‘la oladi.
Oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, bolalarni har tomonlama komil inson qilib tarbiyalash – mamlakatimiz ijtimoiy siyosatining o‘zgarmas tarkibiy qismidir. Lekin davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan har qanday yordam va qo‘llovdan ham ko‘ra, har bir bola haqiqiy mehrni oilada, o‘z yaqin insonlaridan oladi.
Oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalarimiz, ularni bag‘riga olgan fidoyi insonlar bilan o‘tkazgan suhbatimiz buning yorqin isbotini ko‘rsatdi”, deya ta’kidlagan Tanzila Norboyeva o‘z tabrigida.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurgan Senat raisi Angor tumanida istiqomat qiladigan ko‘p bolali Hoshimovlar oilaviy mehribonlik uyiga borib, bolalarni bayram bilan qutladi.