11 iyul kuni Donald Trampga moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topilgan ish bo‘yicha sud hukmi e’lon qilinadi. Agar unga qamoq jazosi berilsa, nazariy jihatdan u hatto qamoqdan ham prezidentlikka saylanishi mumkin. Bu haqda CNN yozdi.
AQSh saylov huquqi bo‘yicha yetakchi ekspertlaridan biri, huquq professori Richard Hasen so‘zlariga ko‘ra, Amerika Konstitutsiyasi jinoyat sodir etgan mahkumlarning saylovda qatnashishini taqiqlamaydi.
«Huquqiy nuqtai nazardan Trampning prezidentlikka nomzod maqomi bilan hech narsa o‘zgarmaydi», dedi Hasen sud qarorini sharhlar ekan.
Bundan tashqari, ayrim shtatlar Trampning 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishlarini sabab qilgan holda ham uning nomzodini rad eta olmaydi.
Qizig‘i shundaki, Tramp Florida shtatida yashovchi sifatida uning qat’iy qonunlariga bo‘ysunadi. Bu shtatda jinoyat sodir etgan mahkumlarga jazo muddati tugamaguncha saylovlarda ovoz berish taqiqlanadi. Bu qoida munozarali va bahsli hisoblanadi, biroq nazariy jihatdan Tramp saylovda ovoz berish huquqini yo‘qotishi mumkin, ammo nomzodlik maqomidan ayrilmaydi.
Avvalroq, Nyu-Yorkdagi hakamlar hay’ati AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni pornoaktrisa Stormi Deniyelsga to‘lovlar ishi bo‘yicha aybdor deb topdi. Endi jazo e’lon qilinadigan sud majlisi 11 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Tramp shartli qamoq jazosiga yoki to‘rt yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.