Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanida yangi loyiha asosida ta’mirlangan avtomobil yo‘lini ko‘zdan kechirdi.
Qayd qilinishicha, «Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi» avtomobil yo‘lining Qorako‘l tumanidan o‘tgan bir qismi namunaviy shaklga keltirilgan. Loyihaga ko‘ra, 4 tasmali yo‘l yangicha qatlamli asfalt-beton bilan qoplangan. Bunda yuqori innovatsion materiallardan foydalanilgani evaziga yo‘lning sifati oshgani, yigirma yilgacha xizmat qilishi ta’kidlanmoqda. Shuningdek, ta’mirlash jarayonida yo‘l qatlamlarini o‘sha joyning o‘zida qayta ishlab, yangilash mumkin.
Davlat rahbari aholi manfaatiga qaratilgan bunday ishlarni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
- Asosiy vazifa - yo‘llarda sifat va madaniyatni ta’minlash, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi loyihada yo‘l sifatini saqlash maqsadida, me’yordan ortiq yuk tashuvchi transport vositalarining vazn parametrlarini vaqti-vaqti bilan o‘lchovchi ko‘chma tarozi qo‘yiladi.
Shuningdek, bu yerda yondosh shoxobcha yo‘l ham qurilgan. Yangi belgilar, elektron tablo va quyosh panelli yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Yo‘l bo‘yiga manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan.
Prezidentimiz bu jihatga alohida to‘xtalib, daraxt ekish yo‘l qurilishi bilan birga olib borilishi shart ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, prezidentga transport va bunyodkorlik loyihalari taqdim qilindi. Bu yil Buxoroda 1 ming 316 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan.
Shularning davomi sifatida G‘ijduvon tumanidan Turkmaniston chegarasigacha 155 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish loyihasi ma’qullandi.
Yo‘lsozlik sohasida kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning rivojlangan davlatlarda malaka oshirishini tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.
Buxoro shahrini rivojlantirish konsepsiyasi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, shaharda «Yangi O‘zbekiston» massivi va bog‘i bunyod etilishi rejalashtirilgan. Bog‘da Buxoro tarixi zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihaning g‘oyaviy mazmuni va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.