Dunyo aholisi 2023 yilda oldingidan 1 oy ko‘proq issiqni boshdan kechirdi – tadqiqot

Jahon 17:22 / 31.05.2024 2053

Dunyo aholisi 2023 yilda global isish boshlanmasidan oldingi yillardan 26 kunga ko‘proq anomal issiq kunlarni boshdan kechirgan. Bu haqda Climate Central, Qizil Xoch, Qizil Yarim Oy iqlim markazi va World Weather Attribution mutaxassislarining 28 maydagi tadqiqotida ma’lum qilingan.

O‘tgan 12 oy harorat o‘lchash boshlangandan beri eng issiq oylar bo‘ldi. Bunga asosiy sabab yonilg‘idan foydalanish ekani aytilgan. Shuningdek, atrof-muhitni eng ko‘p ifloslayotgan resurs ham yonilg‘i. Dunyoning deyarli 80 foiz aholisi o‘tgan maydan beri kamida 31 kunlik noodatiy issiqni aynan inson faoliyati sabab his qilishgan, deyapti tadqiqotchilar. Iqlimni matematik modellashtirishdan foydalangan holda taxmin qilinishicha, insoniyat yerga ta’sir qilmaganda noodatiy issiq kunlar soni ancha kam bo‘lar edi.

Anomal jazirama kunlar soni geografik jihatdan farq qiladi. Bu ayrim joylarda 2-3 haftaga to‘g‘ri kelsa, Kolumbiya, Ruanda va Indoneziyada 120 kungacha yetgan.

Hisobot mualliflari ma’lum bir lokatsiyadagi kunlarning haroratini tanlab olgan. Ularda harorat 1991 va 2020 yillar oralig‘ida qayd qilingan kunlik haroratning 90 foizidan oshib ketsa, yuqori darajada anomal deb qaralgan.

Hisobotda aytilishicha, o‘rtacha amerikalik o‘tgan may oyidan beri iqlim o‘zgarishi natijasida 39 kun shunday haroratni boshdan kechirgan. Agar inson faoliyati aralashmaganda bu raqam 19 kunga kamayishi mumkin edi.

Issiq kunlar ayrim joylarda insonlar o‘limi, infratuzilma va sanoatning buzilishiga olib kelgan. Tadqiqotchilar o‘tgan yil davomida Antarktidadan tashqaridagi qit’alarda qariyb 90 ta davlatda shunday holatni qayd etdi. 2023 yil bahorida Hindistonda, yozida Shimoliy Amerika, Yevropa va Sharqiy Osiyoda o‘rmon yong‘inlarini yomonlashtirgan va elektr tarmoqlarini ishdan chiqaradigan harorat bo‘lgan. Bu yil esa Afrikadan Yaqin Sharqgacha va Janubi-Sharqiy Osiyoda haddan tashqari isish kutilyapti.

Ko‘proq yangiliklar: