Qabulga oid prezident farmonida abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan ballidan kelib chiqib, dastlab oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi, deb belgilangan.
Bilimlarni baholash agentligi mas’ul xodimi Jamshidbek Odilov bu tartibning qanday ishlashi haqida tushuntirib berdi.
Uning tushuntirishicha, bu OTM va professional ta’lim muassasalariga qabul va imtihonlar bir vaqtda amalga oshirilishini anglatadi. Abituriyent hujjat topshirish payti faqat imtihon topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi va test topshiradi.
So‘ng to‘plagan balliga qarab xohlasa ikkinchi bosqichda OTM va yo‘nalish tanlab ro‘yxatdan o‘tadi. Balli yetsa, OTMda o‘qishni tanlashi yoki o‘sha balli asosida professional ta’lim muassasalaridan birini tanlashi mumkin.
“Oldingi yillardagi tajribada texnikum imtihonlariga ham, asosan, OTMlarga imtihon topshirgan va yiqilgan yoki kontrakt muammosi sabab o‘qiy olmagan abituriyentlar qaytadan qatnashardi. Shuning uchun ham OTM va professional ta’lim muassasalariga imtihonni bitta qilish taklifi berilgandi va bu tasdiqlandi.
Endi abituriyent imtihonda qatnashib, istasa, qabulning 2-bosqichida OTM yo‘nalishlarini tanlashi yoki aynan o‘sha balli bilan professional ta’lim tashkilotiga qabul ochilganda yo‘nalish tanlashi mumkin. Bunda OTMga balli yetmagan abituriyentlar texnikumlar tanlovida qatnasha oladi.
Jamshid Odilovning aniqlik kiritishicha, abituriyentlar uchun professional ta’lim tashkilotlariga qayta imtihon o‘tkazilmaydi. Abituriyent yo‘nalish tanlayotganda buni e’tiborga olishi zarur.