Joriy yil 29 may kuni Sayxunobod tumanida futbol o‘yini o‘tkazilayotgan paytda stadionga Captiva mashinasi chiqib keldi va noma’lum sabablarga ko‘ra haydovchi uni qasddan odamlar ustiga bostirib bordi. Mashina kamida bir fuqaroni urib yuborib, harakatni davom ettirdi. Avtomobil stadion bo‘ylab tartibsiz harakatlanarkan, yo‘lida uchragan kimsani bosib o‘tishga urindi. Rasmiy axborotga ko‘ra holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi, ya’ni bezorilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi protsessual tartibda ushlangan.
Ko‘pchilik tarmoq faollari haydovchiga ushbu modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan norozi bo‘lib, fikrlar qoldirmoqda.
Jinoyat kodeksining 277-moddasi haqida
Bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilishda ifodalangan jinoyatdir (277-modda birinchi qismi).
Badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazib, sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab, o‘z mazmuniga ko‘ra umum e’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan bezorilik sodir etilgan bo‘lsa ham Jinoyat kodeksining 277-moddasi (ikkinchi qismi) ta’siriga tushadi.
Shuningdek, ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtdagi bezorilik kodeksining 277-moddasi (uchinchi qismi) ta’siriga tushadi.
Ushbu moddadagi eng og‘ir jazo 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.
Tergov amaliyotiga ko‘ra, jinoyat ishi qo‘zg‘atish vaqtida qilmish to‘la qamrab olingan holda kvallifikatsiya qilinishi shart, degan qoida yo‘q. Jinoyat tarkibi ko‘ringan eng birlamchi alomat(lar) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va qilmishdagi boshqa ayb(lar) uch oylik dastlabki tergov davrida o‘rganiladi hamda malakalanadi.
Bu qasddan odam o‘ldirishga urinish(mi?)
Faollar Captiva haydovchisining harakatlarini qasddan odam o‘ldirishga suiqasd sifatida baholamoqdalar. Bu fikrlarni ham inkor etib bo‘lmaydi.
Garchi hodisada (yaxshiki) odam o‘lmagan bo‘lsa-da, haydovchi mashinani qasddan odamlar ustiga bostirib borar ekan, bu harakati bilan kim(lar)nidir bosib ketishi, natijada odam(lar) o‘lishi mumkinligini anglamasdan iloji yo‘q. Bu esa tabiiyki, qasddan odam o‘ldirishga urinishni anglatadi.
Jinoyat kodeksining 97-moddasi birinchi qismi qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun jazoni nazarda tutadi.
Sayhunoboddagi Captiva voqeasida esa haydovchi ikki va undan ortiq shaxslar ustiga mashina bostirgani hisobga olinsa, bu og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyati, deya malakalanishi mumkin.
Jinoyat kodeksining 97-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish uchun jazoni nazarda tutadi.
Jinoyat kodeksining 25-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd deb topiladi.
Ushbu holatda odam(lar) o‘lmay qolgani hisobga olinsa, bu jinoyat sodir etishga suiqasd deb topilishi va qilmish Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi bilan malakalanishi mumkin.
Bu versiyalar albatta tergov yo‘li bilan tekshiriladi va sodir etilgan qilmishga qarab kvallifikatsiya qilinadi. Yakuniy xulosani esa sud beradi.