2024 yil 29 may kuni imzolangan yangi qonun bilan, Soliq kodeksining 227-1-moddasi o‘zgartirildi. Bu modda tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgandi.
Unga ko‘ra, fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Ilgari realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Ilgari bu qoida mavjud emas edi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.