Buxoroda jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi

O‘zbekiston 23:08 / 30.05.2024 3018

Qarorga ko‘ra, Buxoro shahridagi tarixiy maskan – Xo‘ja Gulrez ko‘chasi 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi. 

Muzey faoliyatining asosiy vazifalari:

- jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, to‘plash, saqlash, o‘rganish, tiklash, nusxalash, e’lon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;

- ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;

- muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash. 

Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tizimiga kiradi hamda faoliyati binosida qurilish-montaj ishlari yakunlanganidan so‘ng boshlanadi. 

Muzeyni saqlash xarajatlari – Buxoro viloyati mahalliy budjeti mablag‘lari, Muzeyning o‘z daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi. 

Muzey jadidlik harakatiga oid ashyolar va kolleksiyalar bilan to‘ldirib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: