«O‘zatom» agentligi xabariga ko‘ra, yangi yo‘nalish sog‘liqni saqlash sohasida murakkab kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolashda mutaxassislar tayyorlash imkonini beradi.
Yangi dastur bo‘yicha talabalar qabuli kutilayotgani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh rentgenologi, Toshkent tibbiyot malaka oshirish institutining Radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash markazi rahbari Damir Zaredinov o‘z fikrini bildirdi.
«Odamlar atomdan murakkab kasalliklarni tashxislash va davolashda foydalanishni o‘rgandi. Yadro tibbiyotining paydo bo‘lishi va rivojlanishi ikkita asosiy maqsad bilan izohlandi: birinchisi - yuqori aniqlikdagi tashxis, ikkinchisi - samarali davolash. Mamlakatning asosiy vazifasi odamlarning salomatlik holatini saqlashdir. Agar biz salomatlik holatini saqlasak, kelajak avlod ham sog‘lom bo‘ladi. Buning uchun yangi, samarali texnologiyalarni joriy etish zarur. Shu bilan birga, zarur ta’lim bazasini shakllantirib, yangi kadrlar tayyorlamasangiz, sog‘liqni saqlash sohasiga faqat yangi texnologiyalarni joriy etish mamlakatga hech narsa bermaydi. Bu qadamlar 5-10 yildan keyin meva bera boshlaydi. Shuning uchun ham sog‘liqni saqlash sohasida ta’lim puxta va izchil bo‘lishi kerak» – deydi Damir Zaredinov tibbiyotning yangi yo‘nalishini rivojlantirish dolzarbligini tushuntirar ekan.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Milliy tadqiqot yadro universitetining tibbiy fizika bo‘yicha diplomini qo‘lga kiritgan yangi mutaxassislar kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya, gepatologiya, pulmonologiya, travmatologiya va boshqa sohalardagi kasalliklarni davolash va tashxislash uchun tibbiyot xodimlaridan iborat jamoalarda ishlaydi.
«Yadro tibbiyotining imkoniyatlari inson tanasining turli organlari va tizimlari funksiyalarining aniq holatini aniqlash imkonini beradi. Biz u yoki bu organ normal ishlayaptimi yoki yo‘q, kasallikning qaysi bosqichida ekanligini, o‘simtaning joylashishini, uning chuqurligini ko‘rishimiz va davolashning eng maqbul va samarali usulini tanlashimiz mumkin. Mamlakatda bo‘lajak tibbiyot fiziklariga talab juda yuqori va MMFI Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent shahridagi filialida yangi yo‘nalish bo‘yicha bakalavriatning ochilishi to‘laqonli yadro tibbiyoti yo‘lidagi birinchi qadamdir», - deya xulosa qildi Damir Zaredinov.
Avvalroq, O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo komissiya yig‘ilishida «Rosatom» va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida yadroviy tibbiyot sohasidagi strategik sheriklik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolangandi.