Narkologik kasallikka chalinganlarga majburiy davolash sharoitida yordam ko‘rsatiladi

O‘zbekiston 12:13 / 29.05.2024 1254

Sog‘liqni saqlash vazirligining «Narkologik kasallikka (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) chalingan shaxslarga majburiy davolash sharoitlarida narkologik yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Nizom majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka (narkologik kasalliklar) chalingan shaxslarni majburiy davolash ishlari amalga oshiriladi.

Majburiy davolash muassasalarida narkologik kasallikka chalingan shaxslarga davlat tomonidan kafolatlangan hajmda tekshiruvdan o‘tkazilishni, maslahat berilishini, tashxis qo‘yilishini, davolash va tibbiy reabilitatsiya qilinishini o‘z ichiga olgan narkologik yordam ko‘rsatiladi.

Majburiy tarzda davolanayotgan shaxslarni tekshirish, davolash va tibbiy reabilitatsiya qilish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan davolash standartlari va klinik qo‘llanmalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Narkologik kasallikka chalingan shaxslarni majburiy davolash uchun mo‘ljallangan muassasalarda alkogolli ichimliklar, giyohvand yoki zaharvand moddalar iste’mol mumkin emas.

Majburiy davolash muassasalaridagi tibbiyot hamda boshqa xodimlarning vazifa va majburiyatlari sog‘liqni saqlash organlarining tegishli normativ hujjatlariga muvofiq muassasa rahbari tomonidan tasdiqlangan lavozim yo‘riqnomalari asosida o‘rnatiladi.

Narkologik kasallikka chalingan shaxslar majburiy davolash sudning majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qarori asosida amalga oshiriladi.

Narkologik kasallikka chalingan shaxs majburiy davolash muassasasiga yotqizilganidan keyin Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan davolash standartlari va klinik qo‘llanmalariga muvofiq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Bunda, narkologik kasallikka chalingan shaxsda majburiy davolanishga qarshi ko‘rsatmalar aniqlanganda, bemor narkologik muassasaning ixtiyoriy davolanish bo‘limiga o‘tkaziladi.

Majburiy davolash muddatining davomiyligi narkologik kasallikka chalingan shaxs yotqizilgan kundan e’tiboran 5 kundan ko‘p bo‘lmagan vaqt ichida majburiy davolash muassasasining shifokorlar maslahat hay’ati tomonidan belgilanadi.

Bunda, majburiy davolash muddatining davomiyligi kamida 6 oy, biroq 18 oydan oshmasligi lozim.

Majburiy davolash muddatining davomiyligini aniqlashda davolash samaradorligini bashorat qilishga imkon beruvchi klinik, psixologik va ijtimoiy ko‘rsatkichlar, shuningdek, oldingi davolanishlar soni va natijalari hisobga olinadi.

Ko‘proq yangiliklar: