Jizzax viloyati Zarbdor tumanida mast haydovchi “Kamaz” yuk mashinasi bilan birovning savdo do‘konini buzib tashlagan. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 28 may kuni soat 01:19 larda sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Zarbdor tumani, “Ravot” MFYda joylashgan savdo do‘koni ish yurituvchisi tunda viloyat IIBga qo‘ng‘iroq qilib “Kamaz” yuk mashinasi haydovchisi savdo do‘konini buzib tashlagani to‘g‘risida xabar bergan.
Tergovga qadar tekshiruvlarda aniqlanishicha, Zomin tumanida yashovchi 26 yoshli T.Sh. “Kamaz”ni mast holda savdo do‘koni oldiga boshqarib kelib, o‘sha yerda turgan Zarbdor tumanida yashovchi 24 yoshli H.R. va u bilan birga bo‘lgan U.O. bilan o‘zaro tortishib qolgan.
Shu joyda H.R. “Kamaz” haydovchisining yuz qismiga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng T.Sh. jahl ustida “Kamaz”ni haydab, shu yerda turgan H.R.ga tegishli Sparkʼning orqasidan urib, mashina va savdo do‘koniga moddiy zarar yetkazgan.
Qayd etilishicha, hodisa sodir bo‘lgan joy tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirilgan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra ushbu voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.