Rossiya Toshkent metropoliteni uchun yangi vagonlarni yetkazib beradi

O‘zbekiston 20:49 / 28.05.2024 4092

Rossiyaning «Metrovagonmash» zavodi Toshkent metropoliteni uchun iyun oxiriga qadar 12 ta vagon jo‘natadi. Bu haqda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov ma’lum qildi. 

«Bugun prezident [Putin] bilan birga O‘zbekiston va Rossiya Hududlar Kengashi yig‘ilishida ishtirok etdim. Savdo, fan, texnologiya, mashinasozlik, yadro tibbiyoti – biz O‘zbekiston bilan uzoq vaqtdan beri turli sohalarda muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqdamiz», deb yozdi u. 

Qayd qilinishicha, «Metrovagonmash» zavodi o‘tgan yili Toshkent metropoliteni uchun 44 ta vagon jo‘natgan, iyun oyi oxirigacha yana 12 ta vagon jo‘natadi. 2024-2025 yillarda yana 60 ta vagon yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tayyorlanmoqda. 

Shu bilan birga, Vorobyov O‘zbekistonda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni ham sanab o‘tdi. 

Jumladan, bolalar uchun quruq sut aralashmalari ishlab chiqaruvchi zavodni ochish, o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan dorixona chakana savdosini yo‘lga qo‘yish, avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, EIZ va sanoat parklari o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, korxonalar uchun kadrlarni birgalikda tayyorlash, maktab o‘quvchilari, o‘qituvchilar va direktorlar uchun tajriba almashinuvi dasturini ochish.

Ko‘proq yangiliklar: