“Global Money Week” tadbirlari doirasi kengaydi

O‘zbekiston 18:34 / 28.05.2024 1108

Markaziy bank tomonidan “Global Money Week” kampaniyasi doirasida respublikada moliyaviy savodxonlik tadbirlari o‘tkazildi.

Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha keng miqyosdagi tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu tadbirlar va loyihalar qatoridan chekka tumanlardagi aholi uchun moliyaviy savodxonlik bo‘yicha treninglar, oliy o‘quv yurtlari va maktablarda ta’lim tadbirlari hamda xalqaro ta’lim kampaniyalari joy olgan.

Shunday xalqaro ta’lim tadbirlaridan biri – bu O‘zbekistonda 2019 yildan beri har yili ko‘tarinki kayfiyatda, asosan yoshlar va maktab yoshidagi bolalar ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan “Global Money Week” (Umumjahon pul haftaligi) kampaniyasi hisoblanadi. Joriy yilda “Global Money Week” doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida turli ta’lim tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbirlar va loyihalar doirasida Markaziy bank koordinatsiyasi ostida 21 ta tijorat banki, 2 ta vazirlik, O‘zbekiston Respublikasi valuta birjasi, 428 nafar maktab va 88 nafar oliy o‘quv yurtlari jalb qilinib butun respublika miqyosida 123 mingdan ortiq aholi qamrab olindi.

O‘tkazilgan tadbirlarda “Pulingizni himoya qiling. Kelajagingizni ta’minlang” shiori ostida moliyaviy xavfsizlik, raqamli moliyaviy savodxonlik, jamg‘arma madaniyati, yangi raqamli bank xizmatlari, mas’uliyatli kredit olish, moliyaviy vositalar va texnologiyalar kabi mavzular bilan bog‘liq muhim yo‘nalishlar yoritildi.

Kampaniyaning bu yilgi shiori ostida yoshlar uchun videorolik tanlovi e’lon qilindi. Ishtirokchilar moliyaviy xavfsizlikning dolzarbligini yorituvchi “Pullaringizni himoya qiling. Kelajagingizni ta’minlang” mavzusida kreativ videorolik yaratishlari kerak edi. Tanlovda 50 ga yaqin bir-biridan kreativ, qiziqarli va foydali videoroliklar raqobatlashdi. Ularning orasidan Markaziy bank tomonidan 3 ta eng yaxshi tanlov ishi yuqori baholanib g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, so‘nggi ikki yil davomida yoshlar uchun Markaziy bankning yuqori salohiyatli mutaxassislari hamda 15 ta tijorat banklari ekspertlari ishtirokida moliyaviy savodxonlik bo‘yicha “edutainment” formatida mahorat darslari tashkil etilmoqda. Har yili 2 mingdan ortiq yoshlar mazkur mahorat darslarida faol ishtirok etib o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish bilan birga turli vaziyatli o‘yinlar, viktorinalar yordamida olgan bilimlarini mustahkamlashga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Shunday vaziyatli o‘yinlardan biri – moliyaviy firibgarlik keyslari bo‘lib, ishtirokchilar xavfli va ishonchli bo‘lgan keyslarni farqlay olishlari va keyslarga yechim topishlari talab etiladi.

Bundan tashqari, noiqtisodiy yo‘nalishdagi talabalarning moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida iqtisodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarining 200 nafar talabalari volontyor-trener sifatida tayyorlanib, ta’lim materiallari bilan ta’minlandi. Ular orqali multiplikator shaklida jami 8 mingdan ortiq talabalarga bazaviy moliyaviy savodxonlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar yetkazildi.

Moliyaviy savodxonlik tadbirlarini tashkil etishda maktab yoshidagi bolalarga alohida e’tibor qaratiladi. Ular uchun loyihalar ishlab chiqishda Markaziy bank va tijorat banklari mutaxassislari zarur ma’lumotlarni yanada kreativ va qiziqarli shaklda yetkazishga harakat qilishadi. Shunday loyihalardan biri – 21 ta tijorat banklari tomonidan butun respublika miqyosida maktablarda o‘tkaziladigan ochiq darslar hisoblanadi. O‘quvchilar har yili bajonidil bunday ochiq darslarda ishtirok etib, ajoyib taassurotlarga ega bo‘lganliklarini va ko‘plab qiziqarli narsalarni o‘rganganliklarini ta’kidlashadi.

2024 yilda “ Global Money Week”da ishtirok etuvchi tashkilotlar qatori yanada kengayib unda respublika valuta birjasi ham ishtirok etdi va aholi orasida

“UZCE quiz” nomli moliyaviy savodxonlik bo‘yicha onlayn viktorina o‘tkazildi va 1800 dan ortiq qatnashchilar orasida eng ko‘p to‘g‘ri javob berganlari qimmatbaho sovrinlarga ega bo‘lishdi.

Bunday qiziqarli va keng miqyosli tadbirlar tafsilotlari, shuningdek, moliyaviy savodxonlikning dolzarb mavzularidagi 100 ga yaqin maqolalar bilan Markaziy bankning moliyaviy savodxonlik bo‘yicha www.finlit.uz saytida tanishing hamda @finlituzb ishtimoiy tarmoq sahifalariga obuna bo‘lib qiziqarli postlar, infografikalar, viktorina va keyslar tahlillari yordamida moliyaviy savodxonligingizni doimiy ravishda oshirib boring.

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: