O‘zbekiston elchixonasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri birinchi o‘rinbosari Obid Qudratov va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Viorel Gutsu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Mamlakatda amalga oshirilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyiha doirasidagi keng ko‘lamli tadbirlar Orolbo‘yi mintaqasida "yashil" qoplamali maydonlar ko‘payishi va hududning barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir qilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirish maqsadida "Bioxilma-xillikni yaxshilash va o‘rmon xo‘jaligini barqaror boshqarish" mintaqaviy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston va FAO o‘rtasida bitim imzolandi.
Mazkur loyiha doirasida uch yil davomida o‘rmon xo‘jaligi salohiyatini mustahkamlash, tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro ekspertlarni jalb etish, geoaxborot tizimlarini rivojlantirish, o‘rmon landshaftlarini tiklash bo‘yicha innovatsion g‘oya va takliflar ishlab chiqish kabi tadbirlar amalga oshiriladi.
Ushbu loyiha, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.