Ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalarga ajratiladi

O‘zbekiston 22:27 / 27.05.2024 8570

Farmonga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi. 

Shuningdek, ta’lim krediti:

- oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida;

- oliy ta’lim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi 3 bahodan past bo‘lgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi. 

Bundan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar farzandlari mustasno. 

Bunda ta’lim krediti:

- OTM talabalari uchun – talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish» (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va «Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish» (HEMIS) axborot tizimida mavjud bo‘lganda;

- professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun – o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish» (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud bo‘lganda ajratiladi. 

2024/2025 o‘quv yili boshlangungacha ta’lim krediti olish uchun arizalarni «Ta’lim krediti» axborot tizimi (talim-krediti.mf.uz) va YaIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: