Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 14:56 / 27.05.2024 8741

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbari oliy martabali mehmonni qutlar ekan, Rossiya prezidenti qayta saylanganidan so‘ng ilk xorijiy tashriflaridan birini aynan O‘zbekistonga amalga oshirayotganini alohida ta’kidladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida parlament a’zolarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, "Innoprom" ko‘rgazmasi, ikki mamlakat yetakchi muhandislik-texnik oliy o‘quv yurtlari rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining anjumanlari samarali o‘tgani, Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari davom etayotgani ta’kidlandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sib borayotgan sur’ati qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va Rossiyadan investitsiyalar hajmi ko‘paymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda. Qo‘shma loyihalar portfeli 45 milliard dollarni tashkil etdi.

Yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Bugun davlat rahbarlari raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, yetakchilar energetika, shu jumladan atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Ko‘p qirrali madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanayotganiga yuqori baho berildi. Tashrif davomida Madaniy hamkorlik dasturi qabul qilinadi.

Ta’lim va muhandis kadrlarni tayyorlash sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Ko‘proq yangiliklar: