Rossiya bilan savdo hajmi 30 mlrd dollarga  chiqadi

O‘zbekiston 22:57 / 27.05.2024 13030

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kecha, 26 may kuni ikki kunlik davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelganidan xabardorsiz. Toshkent xalqaro aeroportida uni Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsan kutib oldi. Aytish joizki, prezident Putin 5-bor lavozimiga qayta saylanib, 7 may kuni inauguratsiya marosimini ham o‘tkazganidan so‘ng birinchi bo‘lib Xitoyga, undan so‘ng esa Belarus, so‘ngra mana O‘zbekistonga tashrif buyurmoqda. Asosiy tadbirlar ikkinchi kun, ya’ni 27 may sanasida bo‘lib o‘tdi. Dastavval O‘zbekiston prezidentining Ko‘ksaroy qarorgohida Rossiya prezidentini tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi. Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi hamda faxriy qorovul saf tortdi, madhiyalar yangradi. 

So‘ngra protokolga muvofiq tor doiradagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti rasmiy Toshkent bu tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani va u tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bu Vladimir Putinning Rossiya prezidenti etib saylanganidan keyingi ilk tashriflaridan biri ekani yana bir bor qayd etildi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish  masalalari ko‘rib chiqilgan. 

Keyingi tadbir esa kengaytirilgan muzokaralar bo‘ldi. 

Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha ham kelishib olindi.

«Davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

Bu maqsadda bosh vazirlar darajasidagi Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalaniladi, ularning navbatdagi yig‘ilishlari shu yil oxirigacha o‘tkaziladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2017 yildagi 4,73 milliard dollardan 2023 yilda 9,88 milliard dollargacha oshdi. 

Rossiya O‘zbekiston uchun eng katta eksport bozori bo‘lib qolmoqda. Joriy yilning dastlabki 4 oyida bu mamlakatga eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 26 foizga oshib, 1 mlrd dollarga yetdi.

Tomonlar yangi maqsadli ko‘rsatkichga – yaqin istiqbolda savdo hajmini joriy 10 mlrd dollardan 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi belgilangan.

Vladimir Putinning davlat tashrifi doirasida 20 dan ortiq hujjat imzolandi. Jumladan, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin qo‘shma bayonotni imzolashdi. 

Prezidentlar qarshisida ikki tomonlama hujjatlar almashildi. O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish, Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filiallarini ochish to‘g‘risidagi va boshqa bitimlar shular jumlasidandir.

Ko‘proq yangiliklar: