Qonli hafta: ko‘plab YTHlar va beshta o‘lim

O‘zbekiston 14:44 / 26.05.2024 13792

Jumladan:

19 may. Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan TAPOiCh ko‘prigidan Gentra quladi. Oqibatda mashina haydovchisi va unda bo‘lgan ikki nafar yo‘lovchi tan jarohatlari olgan.

19 may. Samarqand shahrida “Nexia-2” mashinasi boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘l chetidagi beton ustunga urilib, mashina ikkiga bo‘linib ketgan. Hodisa oqibatida mashinada bo‘lgan yo‘lovchilar turli darajada tan jarohatlari olishgan.

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida maktabning 9-sinf o‘quvchisi traktor boshqarib temiryo‘lga chiqib ketgan. Oqibatda traktorni poyezd urib yuborgan va o‘quvchi halok bo‘lgan.

20 may. Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 35 yoshli haydovchi yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan.

21 may. Samarqand shahrida piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan talaba yigitni Nexia-2 mashinasi urib yuborgan. Oqibatda talaba shifoxonada vafot etgan. Ijtimoiy tarmoqlarda talaba yigitni poyga uyushtirgan mashina urib yuborgani aytilgan xabarlar tarqaldi.

24 may. Toshkent shahrida tez harakatlangan Toyota Prado haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ng yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketib, uchta mashina bilan to‘qnashgan. Oqibatda Toyota Prado haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Boshqa haydovchilarga tuman shifoxonasida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

25 may. M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining Sharof Rashidov tumanidan o‘tgan qismida “Lasetti” qoidalarga zid ravishda qayrilib olgan va avtobus bilan to‘qnashgan. Oqibatda, mashina yo‘l chetiga chiqib ag‘darilgan va uning salonida bo‘lgan 21 yoshli yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatidan o‘tuvchi A-379 avtomobil yo‘lida “Lasetti” avtomobili YTHga uchrab yonib ketgani, undagi odamlar halok bo‘lgani haqida xabar tarqaldi.

Samarqand shahri ko‘chalaridan birida oq rangli Gentra yoshi taxminan 50-60 lar atrofida bo‘lgan ayolni urib yuborgani va jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgani aytilgan xabarlar chiqdi.

Biroq bu ikki holat bo‘yicha Navoiy va Samarqand viloyati IIB YHXBB axborot xizmatidan ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi. Mas’ullar joylarda xizmatda ekanliklarini aytib, ma’lumot berishmadi.

Yuqoridagi YTHlar – bular ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach mas’ullar tomonidan ma’lumot berilganlari. Ma’lumot berilmaganlari qanchaligi noma’lum.

Umuman olganda so‘nggi paytlarda odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarini yashirish, hatto so‘ralganda ham ma’lumot bermaslik holatlari tez-tez uchrayapti.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: