26-31 may kunlari Toshkent shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomli ixtisoslashtirilgan maktabda 14-15 yoshli o‘quvchilar o‘rtasida matematika bo‘yicha xalqaro olimpiada o‘tkaziladi.
Ushbu olimpiadada 7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan Al-Xorazmiy nomidagi aniq fanlar olimpiadasining hududiy bosqichida sovrinli o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar ishtirok etishi belgilangan.
Bundan tashqari, yosh matematiklar xalqaro olimpiadasida Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston hamda Ozarboyjon terma jamoalarining ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Xalqaro olimpiada yakuniy natijalariga ko‘ra, 2008 yil 27 dekabrdan keyin tug‘ilgan o‘zbekistonlik ishtirokchilar orasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan 6 nafar o‘quvchi xalqaro Bolqon matematika olimpiadasida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga kiritiladi. Mazkur olimpiada 25-30 iyun kunlari Turkiyaning Antalya shahrida bo‘lib o‘tadi.