MDH mamlakatlari sarmoyadorlari Afg‘onistonda uglevodorod qazib olishga qiziqish bildirmoqda, deb xabar beradi TOLOnews mamlakat Kon va neft vazirligiga tayanib.
Departament vakili Humoyun Afg‘onning aytishicha, Rossiya va O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘oniston neft va gaz konlarini o‘zlashtirish niyatini bildirgan. Shuningdek, u Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham ushbu sohaga qiziqish ortib borayotganini qayd etdi.
«Yaqinda O‘zbekiston kompaniyalari bilan bir necha uchrashuvlar o‘tkazdik. Vazirlik bir qancha neft va gaz konlariga, jumladan Hirot yaqiniga investitsiyalar jalb etilishini e’lon qildi», — dedi Afg‘on.
Boshqalar qatorida Eriell Group uglevodorodlarga qiziqish bildiryapti, deb yozadi Afg‘onistondagi Bakhtan News nashri. Yaqinda kon va neft vaziri o‘rinbosari Zia-ur-Rahmon al-Aryubiy kompaniya vakillari bilan uchrashib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi mahalliy neft va gaz sohasiga xorijiy sarmoyalarni jalb qilishni muhim deb atadi. Shu bilan birga, xorijlik hamkorlar uchun iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega, dedi palata boshqaruvi a’zosi Xan Yan Alokozay.
Neft, gaz va boshqa foydali qazilmalarni qidirish va qazib olish rejalari O‘zbekiston delegatsiyasining Kobulga safari chog‘ida muhokama qilingan asosiy mavzulardan biriga aylandi. O‘shanda O‘zbekiston Afg‘onistondan 1 million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olmoqchi ekanligi ma’lum qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov yaqin orada qo‘shni davlatga Transafg‘on temiryo‘li qurilishi uchun uskunalar kelishini ma’lum qildi. Afg‘oniston fuqarolariga vizalar berishni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.