O‘zbekiston elchisi Nodir Turg‘unov Saudiya Arabistoni podshohi devoni maslahatchisi, Podshoh Salmon gumanitar yordam markazi bosh direktori Abdulloh bin Abdulaziz ar-Rabiy’a bilan uchrashdi.
"Dunyo" xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi hamda Orolbo‘yi mintaqasida joylashgan aholi punktlariga Saudiya Arabistonining gumanitar va moliyaviy-texnik yordamini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Abdulloh bin Abdulaziz ar-Rabiy’a hozir kunda O‘zbekiston tomoni bilan oziq-ovqat xavfsizligi sohasida bir qator loyihalar amalga oshirilayotganini bildirdi. Shuningdek, u mamlakatdagi ta’lim, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirish masalasini ko‘rib chiqishga va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston bilan hamkorlik, loyihalar ustida ishlash va ularni amalga oshirish bo‘yicha Podshoh Salmon gumanitar yordam markazi tomonidan mas’ul rahbar va ishchi guruh tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.