“Ko‘p yuklama va kam maosh” - bog‘chalarda bolalar kaltaklanayotganining sabablari haqida

O‘zbekiston 17:05 / 25.05.2024 23664

So‘ngi vaqtlarda davlat bog‘chalarida tarbiyachilarning bolalarga zo‘ravonligi holatlariga tez-tez ko‘zimiz tushadigan bo‘lib qoldi. Kun.uz buning sabablarini o‘rganish maqsadida Maktabgacha ta’lim agentligi vakili, psixolog va anonim qolishni istagan soha xodimi bilan suhbatlashdi.

Xorazmda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni tepkilagan holda tayoq bilan urib mashg‘ulot o‘tdi, Toshkentdagi bog‘chalardan birida xodimning qo‘pol munosabati sabab bolaning qo‘li sindi, yana bir bog‘chada bolalarni qo‘rqitib, qo‘pollik qilingani aniqlandi, boshqasida tarbiyachi bolalardan birini urib haqoratladi, yuziga tarsaki tushirilgani hamda oxirgi keysda Andijondagi bog‘cha bolasi kaltaklangani qayd etildi.

Bu – o‘tgan yili dekabrdan boshlab hozirgacha O‘zbekiston bog‘chalarida bo‘lgan voqealar. Maktabgacha ta’lim muassasalarida paydar-pay bunday holatlar yuz berayotgani ko‘pchilikni xavotirga solishni boshlagan bo‘lsa, hayratlanmaymiz.

O‘zi aslida bog‘cha bolalariga nisbatan zo‘ravonliklar bo‘layotganining sababi nimada, muammoga yechim bormi? Kun.uz muxbiri shu savollarga javob olish uchun sohaga aloqador mutaxassislar va rasmiy vakil bilan suhbatlashdi. Aytish kerak, tahririyat bevosita soha ichida bo‘lgan tarbiyachilar bilan ham gaplashishga urindi, ammo buning imkoni bo‘lmadi.

“O‘z hayotidan mamnun bo‘lmasa, oddiy narsalarga ham qattiq asabiylashish ehtimoli bor”

Psixolog Rozaliya Gabdulhakova zo‘ravonlik holatlari yuzaga kelishining bir qancha psixologik omillari borligi haqida gapirdi. Uning aytishicha, bog‘chada tarbiyachilarning o‘z ishini to‘g‘ri bajara olmasligi dastlab uning pedagogik mahorati yetishmasligi bilan bog‘liq.

Ya’ni bolalarning rivojlanishi, o‘ziga xos o‘zgarishlarini bilishi yoki muammoli paytlarda bolani qanday qilib yupatish, qayerda qanday qilib muammolarni hal qilishni bilishi [kerak]. Shu narsalarni bilmagani uchun ko‘p holatda nafaqat tarbiyachilar, balki onalar ham vaziyatni qanday hal qilishni bilmagani, asabiylashgani uchun odatdagidan ham ko‘ra qo‘polroq harakatlar qilishadi. Ya’ni stress yuqorilab ketadi, keyin esa u baqiradi yoki kimnidir kaltaklab qo‘yishi mumkin. Bu – sabablardan biri.

Bundan tashqari, har bir shaxsning o‘ziga xosligi bor, ya’ni unda shaxsiyat buzilishi, jahlni boshqara olmasligi yuzaga kelishi mumkin. Buni uning shaxsiy psixologik xislatlari deymiz. Qolaversa, hayotidan, shu ishdan roziligi yoki noroziligi ham oddiy vaziyatlarda qattiq asabini buzishiga olib keladi. Psixologik qiyin ahvolda yashayotgan odamlar shu tarzda energiyalarini tejash rejimida yashayotgan bo‘ladi va ularni o‘zidan chiqib ketishi osonroq. Masalan, uydagi onalarni misol qilsak, bir safar qoshiq tushib ketsa, “ha, mayli, bolajonim, olib qo‘y”, keyingi safar bola qattiq so‘kish eshitishi mumkin. Ya’ni bir xil vaziyatga onaning o‘zi ham 2 xil reaksiya qiladi va buning sababi shu vaqtdagi atrofdagi voqealarga munosabati, ayolning ruhiy holatiga borib ulanadi.

Bog‘cha tarbiyachisi ham o‘z hayotidan mamnun bo‘lmasa, ishidan rozi bo‘lmasa, o‘zini yomon his qilayotgan vaqtida shunday oddiy narsalarga portlab, qattiq asabiylashish ehtimoli bor. Avval tarbiyachi yordamchisi bo‘lib ishlagan bir ayol bilan gaplashganimda ish juda ham ko‘pligi, oylik judayam kamligidan norozi bo‘lgan edi. Uning bolalarga qarashdan tashqari, idishlarni yuvishi, xonani tartibga keltirishi kabi vazifalari ko‘p edi, guruhda esa 30 nafardan ortiq bolalar bor va tarbiyachi kechga borib juda ham charchab qolar edi. Shu bilan birga, u 900 ming so‘m oylik olardi. Ishga boshqa iloji yo‘qligidan borardi va chidar edi. Yana shu 900 ming so‘mning 100 ming so‘mini ovqat uchun ushlab qolarkan, 800 ming so‘m olarkan”, – dedi Gabdulhakova.

“Tarbiyachilar rostdan ham charchab ketgan, ishiga sovuqqon, ularda ishtiyoq, kreativlik ko‘rmaysiz”

Kun.uz'ga intervyu bergan, ammo shaxsi sir qolishini istagan maktabgacha ta’lim tizimida ishlayotgan mutaxassis muammoning asl sababini sohadagi kamchiliklar bilan bevosita bog‘lamoqda.

(suhbatdoshning talabi bilan ism-familiyasi Maftuna Sharipovaga o‘zgartirildi)

Maktabgacha ta’lim tizimining "3-ming yillik bolasi" degan ta’lim dasturi bor, O‘zbekiston mustaqilligidan oldin shu dastur asosida bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgandi. Mustaqillikdan keyin "Bolajon" tayanch o‘quv dasturi qabul qilindi, hozirga kelib ixtisoslashtirilgan “ilk qadam” o‘quv dasturi amaliyotda bo‘lib turibdi. Men o‘sha "3-ming yillik bolasi" o‘quv dasturidan beri shu tizimda ishlab kelaman. Bu dasturlarda bola nimani o‘rganishi, maktabga chiqquncha qanday mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi yoziladi. Hozirgi dastur avvalgilaridan ayanchli holatga keltirilgan. Bog‘chalarning moddiy ahvoli ota-onalarning yordami bilan bo‘lsa ham amallanyapti, lekin metodikasi, ta’limiy jihati juda ham achinarli holatda. Tarbiyachilar norozi, ularning emotsional yonish holati kuchli darajada. Bekorga ular bolani urib,, igna sanchib qo‘yayotgani yo‘q.

Tarbiyachilar rostdan ham charchab ketgan, ishiga sovuqqon, ularda ishtiyoq, kreativlik ko‘rmaysiz. Bolalarni o‘z holiga qo‘yib qo‘yishadi, dasturdagi mashg‘ulotlarni qilishmaydi, bekorga bolaning ham vaqtini olib o‘tirishibdi. Buning sabablari bir qancha omillarga borib taqaladi. Bog‘chalarga tekshirishga borilganda, tarbiyachilarning faqat xat-hujjati so‘raladi, tekshiruvchilar uchun shu to‘g‘ri qilib qo‘yilsa bo‘ldi. Tarbiyachining 0,5 seriyasida o‘ziga yarasha hujjatlari bo‘ladi, masalan, tarbiyachining jurnali, filtr daftari, ota-onalar bilan ishlash darftari, yillik rejasi kabi qog‘ozlar so‘raladi.

Bularning hammasi shunchaki qog‘oz uchun. “Mashg‘ulotlar tekshirilmaydimi?” deb so‘ralsa, “shuncha bog‘chaga qanday ulguramiz, ulgurmaymiz”, deyishadi. “A, bu xat-hujjatni yozib qo‘yaverishadimi?” desam, “shuni to‘g‘ri yozishni o‘rganib olishsa, yetadi”, deb javob qilishadi. To‘g‘ri, rostdan ham ko‘lam juda keng, tekshiruvchi odamlar esa kam. Haqiqatan ham jismonan ulgurishmaydi, xat-hujjatini tekshirsangiz, mashg‘ulotini kuzatishga ulgurmaysiz. Lekin bu ishlar umuman samarali emas”, deydi u.

Sharipovaga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston bog‘cha tarbiyachilaridan talab qilinadigan ko‘rgazmali hujjatlar uchun yetarlicha sharoit yaratilmagan, ta’lim muassasalari kerakli jihozlar bilan ta’minlanmagan. Tuman bo‘limlaridan biror buyum so‘ralsa, oxirgi bosqichda mas’uliyat tarbiyachining bo‘yniga tushayotgani aytildi.

Masalan, tarbiyachidan ko‘rgazmalar bo‘lishi talab qilinyapti, lekin buni amalga oshirish uchun bog‘chalar faoliyatida 5 ta markaz ishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi kerak. Lekin bu 5 ta markazning har birida bo‘lishi kerak bo‘lgan jihozlar yo‘q. Bu hukumatning 802-sonli qarorida belgilangan. Har bir markazda nima bo‘lishi kerakligi yozilgan. Lekin davlat tomonidan bu markazlar jihozlanmagan. Bir tarafdan bu holat rahbar tomonidan talabnoma shakllantirib berilmasligi bilan bog‘liq. Mudira talabnoma shakllantirib, “menga shu, shu narsalar kerak”, – deb yozishi kerak. Lekin mudiralar buni qilmaydi. Qilsa, boshqarmadagilar “shuni ham so‘rayapsanmi, o‘zing qilib qo‘ysang bo‘lmaydimi?” deydi. Ikkinchidan, talabnoma shakllantirilgan taqdirda ham belgilangan smeta bor, smeta bo‘yicha esa hamma bog‘chaga ham jihozlar olib berilmaydi, chunki pul yetmaydi. Shunday qilib joylarda bog‘chalar jihozlanmay qolib ketadi.

Tekshiruvchi boradigan bo‘lsa, bu jarayondagi og‘irlik yana tarbiyachiga tushadi. Ta’limiy jarayonda kerak bo‘ladigan oddiy elementar buyumlarni ham tarbiyachi cho‘ntagidan qilishiga to‘g‘ri keladi. Lekin tarbiyachi oladigan 1 mln 200 ming so‘m oylikni olsangiz, endi tasavvur qilavering. Bu narsalarning hammasi yig‘ilib-yig‘ilib, portlayapti. Ularga ham oilaviy muammolari, ham iqtisodiy yetishmovchiliklari, ham bog‘chada qo‘llab-quvvatlanmasligi, oyligi kamligi ta’sir qilyapti. Tarbiyachilar malaka oshirishga keladi, oyning boshi birinchi haftasidan shunchalik charchagan bo‘lishadiki, yuzidan bilinadi. Ertalab soat 7:30 dan bog‘chada ishda bo‘lishlari, bolani qabul qilib olishlari kerak. Malaka oshirish darslari boshlanganidan 1 haftalar o‘tgach, ancha dam olgani seziladi. Chunki dars ertalab 9 da boshlanadi, avvalgidek 7 yarimdan ishda bo‘lmaydi, darsdan keyin esa borib uyda hordiq olishadi”, – deydi mutaxassis Kun.uz bilan suhbatda.

Shuningdek, Maftuna Sharipova bog‘cha rahbarlari, ya’ni mudiralar masalasida ham o‘rganishlari bilan bo‘lishdi. Uning aytishicha, tizimdagi quyi boshqaruvda korrupsion sxema ildiz otgan.

Mudiralar masalasi esa umuman boshqacharoq. Aksariyatining xonasiga kirsangiz, vazir o‘rinbosarining xonasiga kirgandek bo‘lasiz. Vaziyatlarni o‘rganib yurganimizda bir bog‘chaga kirganimiz, ko‘rsangiz, mudiraning xonasida hamma sharoit bor-da, endi. Mayli, balki o‘zining puliga qilgandir. Lekin ko‘pi ildizi baquvvat odamlarning yo qarindoshi, yo tanishi bo‘lib chiqadi. Bog‘chalar boshqaruvida shunday gap bor, mudira "baquvvat" bo‘lsa, uning tekshiruvchilari kam bo‘ladi degan. Rostdan ham shunday qarash bor, xuddiki “kimningdir kimi” bog‘chaga mudira bo‘lsa, boshqalar tekshirishga qo‘rqishadi. Biz tekshirib yurganimizda qilgan xato-kamchiliklari uchun tushuntirish xati yozdirilsa, ishdan bo‘shashi kerakligi aytilsa, shunaqangi shantajlik qilishadi, hatto bittasi shunchalik kuchli baqir-chaqir qilib yo‘limizni to‘sgan, endi tasavvur ham qilolmaysiz.

Juda yashirincha ishlar ko‘p qilinadi. Bolalar soni quvvatidan ko‘p olinadi, buni ham yashirishadi. Masalan, 100 nafar bola bo‘lsa, 100 nafarga pishgan ovqat ta’lim muassasasida 120 nafar bolaga tarqatiladi. Mudiralardan “nega bunday ko‘p bola olyapsizlar?” – deb so‘rasam, “endi ota-ona qo‘ymadi, uyoq-buyoq” – deydi, lekin bir mudira “rostini aytaman sizlarga, men shunday qilib pul topmasam, boshqa xarajatlarni yopa olmayman” – deydi. Quvvatdan ko‘proq bolani qabul qilish ham pul qilishning bir yo‘li bo‘lib qolgan.

Aytishicha, bog‘cha rahbarlari har oy tuman MMTB rahbarining oldiga kirishadi, unga ma’lum summada pul berishadi. Yoki qaysidir tekshiruvchi kelsa, ularga ham ma’lum miqdorda mablag‘ ajratishga to‘g‘ri kelarkan. Bundan tashqari, SES yoki yong‘in xavfsizligidan u-bu kim kelsa, bog‘chalarni tinch qo‘ymasligini aytdi. Xullas, shunday tekshiruvlar kelgan vaqtda ularni yopish uchun pul kerak ekan. Bog‘cha ta’limidagi hamma muammolar pulga borib taqalaveradi”, – dedi Sharipova.

Muammo kam oylik, ichki nosog‘lom muhit hamda bog‘chalar defitsitida – agentlik

Maktabgacha ta’limi agentligi xodimi Mavluda Asqarxo‘jayevaning ta’kidlashicha, shu yilning boshidan may oyiga qadar 11 tadan ortiq shunday holatlar yuzaga kelgan, ularning 4 tasi tasdig‘ini topgan.

Yillar davomida, sobiq sovet davrida ham bu soha egalari boshqa mutaxassislar kabi yuqori oylik olishmagan, buni ochiq aytishimiz kerak. Bugun toifalanishi, oliy ma’lumotli bo‘lishiga qarab maosh oladi. Oliy ma’lumotli, birinchi toifaga ega pedagoglar 3,5 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha oladi. Lekin biz tarbiyachining yordamchisini oladigan bo‘lsak, ularning maoshi 1,5 mln so‘mgacha. Bu, albatta, juda kam. Ko‘pincha nima sabab oshxonalarda o‘g‘rilik bo‘ladi deb so‘rashadi, buni ham ochiqchasiga aytish kerak. Bizning oshpazlarimizning ish haqi yuqorilashsa, bunday holatlar bo‘lmaydi. Bugungi kunda [bog‘cha oshpazlarining] oylik ish haqlari 1 mlnga yetmaydi, bu juda kam. Shuning uchun ham men o‘ylaymanki, bolaning tovoqchasiga tegmaslik kerak, bu – gunoh.

Bugungi kunda biz, vazirlik bo‘lganimizda ham, agentlik bo‘lganimizda ham bu narsalarga bir marotaba emas, bir necha marotaba murojaat qilinyapti. Albatta, hammasi budjetga bog‘liq”, – deydi Asqarxo‘jayeva.

Ta’kidlanishicha, 1 iyundan prezident qaroriga asosan oliy ma’lumotli pedagog kadrlarning oylik maoshlari boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining oyligiga tenglashtiriladi. Bugungi kunda bog‘cha tizimida 167 ming nafardan ziyod pedagog kadrlar faoliyati yuritadi, shuning atigi 35 foizi oliy ma’lumotli hisoblanadi.

Rasmiy vakil tarbiyachilarning emotsional portlashgacha yetib kelishiga bog‘chadagi ichki nosog‘lom muhit ham sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Bunda ota-onalardan iborat jamoatchilik kengashlari faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, huquqbuzarlik holatlari aniqlansa, hattoki bog‘cha mudirasini lavozimidan ozod qilinishi mumkin.

Asqarxo‘jayeva bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillik davriga qadar O‘zbekistonda 11 mingdan ziyod davlat maktabgacha ta’lim muassasalari bo‘lgan.

2017 yilga kelib, ularning 5 211 taga tushgan. 2024 yil yanvar oyidagi statistikaga muvofiq O‘zbekistondagi davlat bog‘chalarining soni 6 ming 780 tani tashkil etadi (jami bog‘chalar 33 942 ta). Ya’ni bu so‘nggi 7 yil ichida davlat qurgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini soni 1 569 taga ko‘paydi degani. Mavluda Asqarxo‘jayeva, bog‘cha qurishga budjet mablag‘lari yetmasligini ta’kidladi.

Bitta davlat bog‘chasini qurishga 5 mlrd so‘mdan 20-40 mlrd so‘mgacha ketadi. Agar maxsus bog‘cha bo‘ladigan bo‘lsa, albatta, u yerda reabilitatsion uskunalar qo‘yish kerak bo‘ladi, shuning uchun narxi baland bo‘lib ketadi. 120-90 o‘rinli bog‘cha bo‘lsa, 4-5 mlrd so‘m ketadi.

Eng chekka qishloqlarimizda bunday bog‘cha qurishga davlatning qurbi yetmaydi, shuning uchun bog‘chamiz soni qanchaga oshgan. Davlat bog‘chasi o‘sha vaqtda 4 ming 900 taga kamayib ketgan, chunki yerlari ham sotilib ketgan. O‘sha vaqtda hokimliklar tomonidan sotilib ketgan. Lekin hozir sotilmayapti. Hozir mumkin emas. Qonun hujjatlarini yaxshi bilgan hudud rahbari bog‘chaning yeriga tega olmaydi. Chunki u bog‘chaning yeri prezident imzolagan hujjat bilan sotishga ruxsat berilmagan. Qaysi hududlari mumkin, unda ham prezident qaroriga boshqa o‘zgartirish kiritilgan holda eng chekke-chekka joylarda ijtimoiy yo‘nalishga to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, shunday qilinyapti. Lekin shunda ham tadbirkorlarning faoliyatini ko‘proq qo‘llab-quvvatlagan holda shunday yerlarni DXShga hama qaratyapmiz”, – dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, ayni vaqtda O‘zbekistonda 3−7 yoshli bolalar soni 2 mln 930 ming 844 nafarni tashkil etadi. Shuning 74 foizi, ya’ni 2 mln 169 ming 538 nafari bog‘chaga boradi. Qolgan 800 mingga yaqini esa maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan, aynan bog‘chalar yetishmovchiligi sabab.

Nima qilish kerak? – “Tarbiyachilarning ishdan roziligi va psixologik holati o‘rganilishi kerak”

Gabdulhakova bog‘cha bolalariga bo‘layotgan zo‘ravonliklar nafaqat oila va jamiyat, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham putur yetkazishini aytmoqda. Uning aytishicha, bolalarga shikast deyilganda faqat jismoniy jarohat tushunilishi kerak emas.

Bolani kaltaklab, qayerinidir mayib qilish shart emas, agar bola doimiy ravishda uydan tashqarida, bog‘chada stress his qiladigan bo‘lsa, bu butun oila hamda iqtisodiy jihatdan davlatga ham katta zarar olib keladi. Chunki xavotiri yuqori bo‘lgan bola o‘z-o‘zidan kasal bo‘laveradi. Ota-onalar e’tibor berganda ham bolalar bog‘chaga borishni boshlaganda, ko‘p yig‘laganda, ko‘p xavotirlanganda bunday bolalarda stress holati bo‘lgani uchun kasal bo‘lish darajasi yuqoriroq. Bundan tashqari, shunday xavotiri yuqori bo‘lgan bolalarning o‘qish, o‘rganish salohiyati ham pastroq bo‘ladi. Ya’ni xavotirlanib, qo‘rqib turganida nimanidir o‘rganishga ularning toqati yetmay qolishi mumkin. Odam qo‘rqib turgan vaqtda yashab ketish uchun kurashayotgan bo‘ladi, aqli biror yangi ma’lumotni olib rivojlana olmaydi”, – deydi u.

Psixolog bu borada tarbiyachilarning ishdan rozilik darajasi o‘rganilishi lozimligini hamda turli psixologik testlar o‘tkazishni tizimli yo‘lga qo‘yish samara berishini bildirdi.

Tarbiyachilarga ko‘pgina talablar qo‘yishimiz mumkin, lekin ularga yetarlicha sharoit, ya’ni ularning ishdan rozi bo‘lishini ta’minlash ham juda muhim. Ya’ni ularning ishdagi vazifalarini minimallashtirish, oyliklaridan rozi bo‘lishi, ishni jon-jahdi, mehr bilan qilishiga sharoit ham yaratib berishimiz kerak. Hozir tarbiyachilardan nimanidir talab qiladigan bo‘lsak, ular shunga yarasha javoban hech narsa olmayapti. Faqatgina ota-onalarning bayramlarda beradigan sovg‘alarni olayotgan bo‘lishi mumkin. Bog‘cha tizimi yaxshilanishi uchun unga bir nechta tizimni kiritgan yaxshi. Masalan, maktab o‘qituvchilar shifokor qabulidan bir yilda bir marotaba o‘tib turishi kerak. Xuddi shunday psixologik testlarni ham qo‘shganimiz yaxshi. Psixologik test tarbiyachilarning pedagogik mahoratini tekshirish, ularning shaxsiyatini o‘rganish va 3-bo‘limda ishdan roziligini bilish bo‘yicha testlarni kiritish juda ham yaxshi, mana shu testlarning natijasiga qarab umumiy muammolarni hal qilish mumkin.

Insonning ruhiy buzilishlari bor yoki yo‘qligini aniqlovchi DSM4, DSM5 degan tizimlari ham bor. Shu tizimlar bo‘yicha suhbatlar, testlar o‘tkazib, tarbiyachilarning ruhiy salomatligini aniqlash kerak. Tarbiyachining pedagogik mahoratidan tashqari, uning shaxsiy qobiliyatlarini ham testlar orqali bilib olish mumkin. Masalan, stressga chidamlilik, agressivlik darajasi, konflikt vaziyatlarda o‘zini tutish qobiliyatlari kabi narsalarni ham testlar orqali aniqlash mumkin, dunyoda shunday maxsus testlar bor. Iloji boricha bolalarning oldiga agressivligi yuqori bo‘lgan, o‘zining emotsiyalarini boshqara olmaydigan odamlarni qo‘ymagan ma’qul”,– dedi u.

“Muammoning asosiy ildizi – pul, hammasi pulga borib taqalaveradi”

Mutaxassisning aytishicha, Maktabgacha ta’lim agentligining bog‘chalardagi tekshiruvlari qoniqarsiz chiqqan, atigi 20 foiz muassasa talabga javob berishi aniqlangan. Sharipova agar tizim shu tarzda ishlashda davom etaversa, bolalar va tarbiyachilar jabr ko‘raverishini aytmoqda.

Muammoning asosiy ildizi – pul, hammasi pulga borib taqalaveradi. Bu tizimdagi muammolarni tarbiyachining oyligini ko‘tarmasdan turib, bartaraf qilib bo‘lmaydi. Tarbiyachining xotirjamligi bo‘lmasa, bola bilan yaxshi ishlab bo‘lmaydi. Ularda shunchalik bosim kattaki, rag‘batlantirish ham yo‘q. Rag‘batlantirish ham faqat rahbarlarga yaqin odamlarga bo‘ladi. Keyin guruhbozlik ham bog‘chalarda ko‘payib ketgan. Tarbiyachilar shunday bosimda qolganidan keyin bolalarga ta’lim ham berishmaydi, shaxsiy rivojlanishmaydi ham. Ularda shaxsiy rivojlanishga bo‘lgan motivatsiya yo‘q.

Tizim yarador, hech sog‘lomlashmayapti. Tarbiyachilarning oyligini oshirishsa, hech bo‘lmasa, pulning motivatsiyasi sabab yaxshiroq ishlarmidi... Lekin bunaqangi nosog‘lom muhitda baribir yaxshilanmaydi deb ham o‘ylab qolaman. Metodika umuman o‘lib yotibdi. Tizimga moddiy va ma’naviy-axloqiy yechim kerak. Ma’naviy-axloqiy deganda boshqaruvdagilarni to‘g‘rilashni nazarda tutyapman, chunki shu vaqtgacha boshqaruvni toazalay olishmayapti.

Maktabgacha ta’limning rivojlanishi uchun unga ajratilayotgan summalar oshirilishi va to‘g‘ri yo‘nalishlarga sarflanishi muhim. Aslida maktabgacha ta’lim uchun ajratilayotgan mablag‘lar ham kam emas, lekin shuncha mlrd summalar tarbiyachilarning cho‘ntagiga borayotgani yo‘q”, – dedi mutaxassis.

Tizimning o‘zi tuzalishni istaydimi?

Agentlik xodimi pedagoglarning bolalar bilan ishlash ko‘nikmasini tekshirish, ruhiy holatini o‘rganish maqsadida maxsus testlardan o‘tkazilishini, hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, test jarayonlari 2024 yil iyul oyidan boshlanadi, bosqichma-bosqich respublikaga tatbiq qilinadi. Bu nafaqat Maktabgacha ta’lim agentligi, balki Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Mehnat inspeksiyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Asqarxo‘jayeva Maktabgacha ta’limi agentligi tizim sifatida maktab ta’limiga qo‘shilishi sohani ortga tortayotganini, vazirlik sifatida alohida qolishi muhim bo‘lganini qayd etdi.

Bizni [Maktabgacha ta’lim agentligi] 2023 yilda qisqartirishganida, aynan maktabgacha ta’lim yo‘nalishi qisqargan. Bu bizni yana oldingi holatimizga qaytarib olib kelishga turtki bo‘layapti deb o‘ylayapman. Chunki ayrim hududlarimizning qamrov ko‘rsatkichi -18, -20 foizga yetgan holatlari bo‘lyapti. Ya’ni qamrov kamaymoqda.

Albatta, bu borada zudlik bilan Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarga murojaat qilindi. Aynan kimda qamrov ko‘rsatkichi kam bo‘lgani yuzasidan hokimlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu narsalar bartaraf etilyapti, lekin shu vaqtgacha bunday holat kuzatilmagan-da. Ideal deganingizda shu tizim [alohida] qolishi kerak edi”, – dedi agentlik vakili.

U hududlar kesimida maktabgacha ta’lim sohasida kadrlar kamayib ketganini, ularning o‘rnini maktab sohasi mutaxassislari egallaganini aytib o‘tdi.

Umuman olganda ma’lum vaqt davomida sohada o‘sish kuzatilgani rost. Bolalar qamrovida xususiy sektorning kengaygani, qaysidir ma’noda davlat bog‘chalaridagi yuklamalarni oldi. Ammo 2017 yilgacha mavjud bo‘lgan 5 mingdan ziyod davlat bog‘chasi 7 yil ichida atigi 1,5 mingtaga ko‘paygani quvonarli emas.

Bizningcha, davlat inson sifati uchun xizmat qiladigan ijtimoiy obektlarni, ayniqsa ta’lim muassasalarini qurishda davom etishi kerak, eng ko‘p mablag‘lar ham shu yerga sarflanishi lozim.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Sherzod Egamberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: