“Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va joylashtirish bo‘yicha shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
a) 2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab:
- davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy ta’lim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinib, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, bundan oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari mustasno;
- davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi;
- davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlariga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi. Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi;
- davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi;
- oliy ta’lim tashkilotlari moddiy-texnika bazasi, professor-o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik ta’minotiga muvofiq, keyingi o‘quv yili uchun o‘z qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim tashkilotlari qabul parametrlari asosliligini o‘rganadi hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritadi;
- Davlat komissiyasi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va tillar kesimida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha umumiy qabul parametrlarini, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha qabul parametrlarini, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda oliy ta’lim tashkilotlari va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi;
b) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari) kesimida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
v) 2025 yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.