Joriy yil aprel oyida Qozog‘istonda Chevrolet brendi ostida 1477 dona avtomobil sotilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 barobarga kam.
2024 yilning yanvar-aprel oylaridagi umumiy ko‘rsatkich esa 4 814 donani tashkil etgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning dastlabki 4 oyi davomida qo‘shni respublikada 14 336 ta Chevrolet avtomobili xarid qilingan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston UzAuto Motors’ning eng katta eksport bozori hisoblanadi. O‘tgan yil davomida o‘zbekistonliklar uchun hamyonbop avtomobillarga kontraktatsiya yopiq bo‘lgan paytda ham, qozog‘istonliklarga chegirmalar bilan yoki bo‘lib to‘lab olib chiqib ketish shartlari asosida ham mashina yetkazib berilgan edi. Kompaniya o‘z rasmiy sahifalarida “Chevrolet Qozog‘iston bozorida liderlikda davom etadi” sarlavhasi bilan xabarlar ham joylashtirgandi. Joriy yilda ushbu liderlik Hyundai va Kia’ga boy berilgan.