Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazida xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilar bilan bog‘liq ekologik konvensiyalarni amalga oshirish bo‘yicha Axborot-resurs markazi (ARM) o‘z faoliyatini boshladi.
Markaz faoliyati manfaatdor vazirliklar, idoralar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va keng jamoatchilikning global va milliy miqyosda ekologik kimyoviy konvensiyalarning bajarilishi to‘g‘risida xabardorligini oshirishga qaratilgan.
Markazda xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish sohasidagi ekologik konvensiyalar bo‘yicha ma’lumotlar aniqlanadi, jamlanadi va tarqatiladi. Shuningdek, markaz respublikaning bu boradagi salohiyatini oshirishga yordam berish uchun tashkil qilingani ta’kidlanmoqda.
ARM va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik uchun ecochem.uz sayti ishga tushirilgan. Saytda uchta kimyoviy konvensiya – Bazel, Rotterdam va Stokholmning asosiy qoidalari bo‘yicha qisqa onlayn kurs ham mavjud. Kurs uchta kimyoviy konvensiya, sinergiya masalalari va konvensiya qoidalarini amalga oshirishda mamlakatlar duch keladigan muammolar haqida umumiy tushuncha beradi.
Ta’kidlanishicha, maqsadlarga erishish uchun ARM xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish sohasidagi ekologik konvensiyalar bo‘yicha axborot-kutubxona resurslari fondi shakllantiriladi, fond kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha ilmiy ma’lumotnoma va ilmiy-ommabop materiallar bilan to‘ldiriladi. Qolaversa, markaz elektron ommaviy axborot vositalari, yetakchi respublika nashriyotlari va xorijiy davlatlar nashriyotlarida chop etilgan eng yangi kimyoviy, tibbiy, turdosh va boshqa adabiyotlar bilan boyitiladi.