Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 may kuni farmatsevtika tarmog‘ida erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalarga oid taqdimot bilan tanishdi.
Bu yil 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish mo‘ljallangan.
Davlat rahbari bu imkoniyatlardan foydalanib, mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali narxni kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi.
Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.