Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26-27 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda ma’lum qilgan Putinning yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, tashrif davomida qator hujjatlarni imzolash ko‘zda tutilgan.
“Hozircha shuni ayta olamanki, bugun-ertaga Belarusga tashrif bo‘ladi, yakshanba-dushanbada esa – O‘zbekistonga”, – degan Ushakovning so‘zlarini keltirdi “Interfaks”.
Tashrif davomida qandaydir hujjatlar imzolanishi kutilyaptimi, degan savolga, prezident yordamchisi: “Ha, rejalashtirilyapti. Bir nechta hujjatlar” deya javob bergan.
O‘zbekiston – RF rahbarining yangi muddatga saylanganidan keyingi uchinchi xorijiy manzili bo‘ladi. Vladimir Putin 16-17 may kunlari Xitoyda bo‘lgan, 23-24 mayda esa Belarusda mehmon bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rossiyalik hamkasbi bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Unda Putinning O‘zbekistonga kutilayotgan davlat tashrifi ham muhokama qilingan.