FIFA qarori bilan futzal bo‘yicha bu yilgi jahon chempionati sentabr-oktyabr oylarida O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Unda dunyoning eng kuchli 24 jamoasi qatnashadi. Ishtirokchi mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, 30 mingdan ziyod muxlislar kelishi kutilmoqda. Mutasaddilar bu borada ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, sport va madaniy tadbirlar rejalari yuzasidan prezidentga axborot berdi. Chempionatni yuqori saviyada o‘tkazish uchun bosh vazir rahbarligida tashkiliy qo‘mita tuzilishi belgilandi.
Toshkentda Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Kelgusi yil u yerda yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi. Keyinchalik, undan samarali foydalanish maqsadida Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston davlat sport akademiyasi tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. Ushbu muassasa huzuriga Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Mutaxassislar malakasini oshirish instituti ham o‘tkaziladi. Akademiya tizimida Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, Axborot kutubxona markazi, O‘zbekiston tarixi va xorijiy tillarni o‘qitish markazi ochiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab, akademiyaga 3 ta bakalavr yo‘nalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qabul boshlanadi. Bitiruvchi talabalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 6 yillik trenerlik malaka sertifikati beriladi. Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan seleksiya qilingan bitiruvchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi kursga qabul qilinadi.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga kafedralar va o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajribasi asosida tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sport ta’limidagi yana bir yangilik Kurash mahorat maktabi bo‘ladi. Dunyoda u bilan 30 million, O‘zbekistonda 30 ming kishi professional shug‘ullanmoqda. Har bir viloyat markazida Kurash mahorat maktabi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mahorat maktabida 140 nafar o‘quvchi bo‘ladi, ular 5-11-sinf o‘quvchilari orasidan tanlab olinadi.
Taqdimotda Parij olimpiadasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha ham hisobot berilgan.