Qasddan badanga yengil shikast yetkazish ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkaziladi 

O‘zbekiston 19:10 / 23.05.2024 3361

Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sog‘liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo‘lmagan muddatga yo‘qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, ma’muriy huquqbuzarlik toifasiga o‘tkazish, yarashuv institutiga kiruvchi ma’muriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi. 

Qayd qilinishicha, 23 may kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining navbatdagi majlisida bir qator qonunlar muhokamasi bo‘lib o‘tgan. Unda «Huquqbuzarliklar va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi»gi Qonun muhokama qilingan. 

Ta’kidlanishicha, mazkur Qonun qabul qilinishi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha yarashuv instituti doirasining kengaytirilishiga, inson huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga, mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasining samaradorligi oshishiga hamda jinoiy jazolarning ayrim turlarini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi. 

Shu bilan birga, «Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ham muhokama qilingan. 

Unda Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining vakolatlariga aniqlik kiritish nazarda tutilmoqda. Ta’kidlanishicha, bu uning shaharsozlik siyosatini muvofiqlashtirishdagi rolini kuchaytiradi hamda shaharlar va aholi punktlarini rivojlantirishni samarali boshqarishni ta’minlaydi. 

Qonun doirasida mamlakat shaharsozlik rivojlanishining yagona konsepsiyasini yaratish, alohida shaharlar va tumanlar bo‘yicha rivojlanish rejalarini muvofiqlashtirishni ta’minlash imkonini berish, shuningdek, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning uzoq muddatli prognozlarini ham hisobga olish nazarda tutilgan. 

Ushbu qonunlar yuzasidan senatorlar hamda majlis ishtirokchilari tomonidan qator fikr-mulohazalar bildirilib, majlis yakunida ko‘rilgan masalalar bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilingan. 

Ko‘proq yangiliklar: