Prezidentning “O‘zbekistonda talabalar sportini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish hamda sport infratuzilmasidan samarali foydalanishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Loyiha O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 15-16 fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 11-son bayonining 142-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Loyiha bilan:
- Andijon va Buxoro shahridagi universal sport majmualarini Andijon va Buxoro davlat universiteti balansiga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazib berish;
- universal sport majmualarida darsdan tashqari va o‘quv jarayoniga xalaqit bermaydigan vaqtlarda sport federatsiyalarining hududiy bo‘linmalari bepul foydalanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish;
- universal sport majmualari faoliyatini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish tegishliligi bo‘yicha Andijon va Buxoro davlat universitetlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirish;
- Andijon va Buxoro davlat universitetlari huzurida Jismoniy tarbiya va sport institutlarini tashkil etish;
- Institutlarda “Sport faoliyati (faoliyat turlari)” hamda “Jismoniy madaniyat” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yish;
- 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab talabalar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida ikki asosiy yo‘nalishda talabalar sportini rivojlanish tizimi yo‘lga quyish:
- O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasini O‘zbekiston talabalar sporti federatsiyasiga qayta tashkil etish, O‘zbekiston sog‘lom turmush va fitnes milliy assotsiatsiyasiga birlashtirish;
- 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab ikki bosqichli “Talabalar ligasi” sport musobaqalari va “Universiada” kompleks sport musobaqalari o‘tkazish tizimini joriy qilish;
- har yili sentabr-oktyabr oylarida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimi miqyosida “Vazir kubogi” va oliy ta’lim muassasasi miqyosida “Rektor kubogi” sport musobaqalarini o‘tkazib borish belgilanmoqda.
Bildirilishicha, loyihaning qabul qilinishi yoshlarni sportga jalb qilishni yanada kengaytirish, talabalar o‘rtasida ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan talaba yoshlarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.