Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan yangi tahrirdagi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar va vakolatli organ xodimlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish klasterlari, tadbirkorlik sub’yektlari, chiqindi poligonlari faoliyati bilan yaqindan tanishilib, sohadagi mavjud kamchilik va muammolar o‘rganildi.
O‘rganish jarayonlarida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan chiqindilarni saralash jarayonlari qonunchilikda tartibga solinmaganligi, ko‘rsatilgan xizmatlardan aholining debitor qarzdorligi yildan yilga ko‘payib borayotganligi ma’lum qilindi.
Muhokamalar davomida O‘zLiDeP fraksiyasi vakillari tomonidan sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning huquqiy faoliyatining belgilash, O‘zXDP fraksiyasi vakillari tomonidan esa chiqindilarni utilizatsiya qilish hamda ularning hosil bo‘lishini kamaytirishga doir faoliyatni rag‘batlantirishning iqtisodiy mexanizmlari belgilash bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.
“Adolat” SDP fraksiyasi vakillari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun hujjatlari talablarining buzilishi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash hamda foydalanish xususiyatini yo‘qotgandan so‘ng atrof-muhitga zarar yetkazuvchi ishlab chiqariladigan va import qilinadigan qadoqlash materiallari va tovarlarga ekologik yig‘im institutlari joriy etish lozimligini qayd etdilar.
Shuningdek, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi tomonidan chiqindilar bilan ishlashda tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik, xususan, qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini belgilanmagan joylarga tashlash hamda suyuq maishiy chiqindilarni to‘kkanlik uchun moliyaviy jarimalar qo‘llashga doir normalar kiritish taklif etildi.
Qonun tashabbuskorlari ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi chiqindilarni boshqarish borasida mavjud amaliyotni yanada takomillashtirish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan davlat nazorati samaradorligini oshirish, maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida davlat va xususiy sherikchilikni yanada rivojlantirish imkonini beradi.