Sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar boshqa hududga ko‘chirilayotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston 23:20 / 22.05.2024 18199

Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilmoqda. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi. Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda bu daraxtlar kesilib, noma’lum tomonga olib ketilayotgani haqida xabar tarqalgan edi. 

Qayd qilinishicha, holat Ekologiya vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan va hududdagi 26 tup eman daraxti belgilangan tartibda boshqa hududga ko‘chirilayotgani ma’lum bo‘lgan. 

Jarayonga mas’ul «Muna Mag» korxonasi rahbari Farrux Hakimov so‘zlariga ko‘ra, boshqa hududga ko‘chirilgan daraxtlar to‘liq yashab ketishi uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi. 

«Ayni damda 14 tup eman daraxti ko‘chirildi. Qolgan 12 tup daraxtni ham ko‘chirish jarayoni ketmoqda. Bunda barcha agrotexnik tadbirlar bajarilmoqda, daraxtlar yashab ketishi uchun zarur o‘g‘itlar, ozuqa moddalari bilan ta’minlanmoqda. Boshqa hududga ko‘chirilgan daraxtlar to‘liq yashab ketadi va buning uchun barcha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi», deb uning so‘zlarini keltirdi vazirlik. 

Mutaxassisning ta’kidlashicha, bu daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilganidan keyin 3 yil davomida doimiy sug‘orish, o‘g‘itlash, ildiz tizimini oziqlantirish, hasharotlar va zararkunandalarga qarshi kurash va boshqa zarur ishlar amalga oshiriladi. Ko‘chirilayotgan daraxtlar Toshkent viloyatidagi bog‘ uchun mo‘ljallangan hududga o‘tqaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: