Davlat rahbarining 2023 yil may oyida imzolagan qaroriga asosan 2024 yil 1 iyundan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tegishli pedagog xodimlarinikiga tenglashtirilishi lozim.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat bog‘chalarining oliy ma’lumotli tarbiyachi-metodist, tarbiyachilari 1 mln 203 ming 660 so‘m olishi belgilangan. Maktablarning oliy ma’lumotli boshlang‘ich va yuqori sinflari o‘qituvchilari esa 2 mln 90 ming 399 so‘m oladi.
Shundan kelib chiqilsa, bakalavr diplomiga ega bog‘cha tarbiyachilarining maoshi 2 mln so‘mdan oshirilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili may oyida prezidentga qilingan maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ish haqi stavkalari oshirilishi haqida ma’lumot berilgandi.
Dastlab xabar esa 2023 yilning yanvar oyida chiqqandi. Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot kotibi Mavluda Asqarxo‘jayeva bu reja 2023 yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor reja ekanini ma’lum qilgandi. Qolaversa, nafaqat tarbiyachilar, balki bog‘chalar direktorlari, tarbiyachilarning yordamchilari, oshxona va buxgalteriya xodimlarining ham oyligi sezilarli oshishi ko‘zda tutilgandi.
Avvalroq sobiq maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin davlat bog‘chalaridagi tarbiyachilarning maoshini hech bo‘lmasa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining maoshi bilan tenglashtirish uchun yiliga 2,5 trln so‘m kerakligini aytgandi.