O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport hajmini oshirish doirasida Fly Khiva mahalliy aviakompaniyasi bosh direktori Dilshod Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyaning Latviyaga tashrifi tashkil etildi.
Tegishli vazirlik va idoralarda, shuningdek, Riga aeroportida xalqaro havoda yuk tashish departamenti rahbariyati bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda Latviya tomoni mamlakatlar o‘rtasida yuk tashish aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini bildirdi.
Tomonlar Boltiqbo‘yining boshqa yirik shaharlariga kengaytirilgan holda O‘zbekiston – Latviya yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro yuk havo tashuvlarini yo‘lga qo‘yish masalasini birgalikda o‘rganishga kelishib oldilar.
Yangi havo qatnovi O‘zbekistondan Latviya hamda Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga meva-sabzavot, to‘qimachilik va boshqa mahsulotlarni eksport qilishda muhim yo‘nalishga aylanadi.