“O‘zbeklarning tushlikka yeydigan ovqati me’yoridan ikki barobar ko‘p” – Daniyadagi o‘zbek olimi bilan suhbat

Jamiyat 17:28 / 20.05.2024 11526

Bekzod Hakimov qariyb 20 yildan buyon Yevropa universitetlarida oziq-ovqat mahsulotlari molekulyar tarkibining inson organizmiga ta’sirini o‘rganib keladi. 2006 yilda Milliy universitetning kimyo yo‘nalishini tamomlab, magistraturada o‘qish uchun Buyuk Britaniyaning London shahriga ketadi. Shundan beri o‘qishini Yevropada davom ettirib, ayni damda Daniyaning Kopenhagen universitetida fudomika fanidan talabalarga dars berib keladi.

– Sizni Daniyaning Kopenhagen universitetida fudomika fanidan dars berib kelayotganingizni bilamiz. Bu fan o‘zi nimani tadqiq qiladi?

– Fudomika 20 yillar oldin paydo bo‘lgan yo‘nalish hisoblanadi. Uni oddiyroq qilib oziq-ovqat mahsulotlari va ularga ishlatiladigan ingridiyentlar tarkibini chuqur molekulyar analiz qilish haqidagi fan deyish mumkin va shu bilan birga, iste’mol qilingan oziq-ovqatning inson salomatligiga qanday ta’siri borligini o‘rganadigan hamda buni oldindan ko‘rib bila olish imkoniyatini yaratadigan fan sifatida tushunsa bo‘ladi. Fudomika oziq-ovqat ishlab chiqaradigan yangi texnologiyalarning har bir bosqichida bor. Fudomika inson oziq-ovqatni iste’mol qilgach, hazm qilish jarayoniga qanday ta’sir qilganini ham o‘rganadi. Ma’lum oziq-ovqat mahsulotini iste’mol qilgach qon, siydik yoki boshqa tahlil namunalari olinib, metabolik ta’siri o‘rganiladi.

— Bu yo‘nalishda qanday tadqiqotlar olib borilyapti va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha butun dunyoda qanday tendensiya ketyapti?

— Dunyo olimlari bugun oziq-ovqat sifatida ko‘proq o‘simliklardan foydalanishni ilgari surishyapti. Ya’ni go‘sht mahsulotlaridan olayotgan oqsillarimizni ham iloji boricha o‘simliklardan olishga intilish asosiy tendensiya bo‘lib turibdi. Chunki 2050 yilga borib butun dunyoda oziq-ovqat inqirozi bo‘lishi mumkin. Bunga qishloq xo‘jaligiga mos yerlar kamayib ketayotgani, irrigatsion tizimlarda muammolar yuzaga kelayotgani sabab bo‘lib turibdi. Shuning uchun oziq-ovqat xavfsizligiga e’tibor berilyapti. BMTning 12 ta asosiy yo‘nalishlaridan biri “Nol darajada ocharchilik” va yana biri “Barqaror rivojlanish” hisoblanadi. Bu ikki yo‘nalishning asosiy maqsadi 2050 yilgacha barcha odamlar uchun yetarli darajada oziq-ovqat yetkazish choralarini o‘ylash.

– Yaqinda qo‘y va mol go‘shti iste’mol qilgan o‘zbeklar ustida olib borgan tadqiqotingiz bilan tanishib chiqdim. O‘rganishlaringizdan qanday xulosa kelib chiqdi?

– Bilamizki, qo‘y go‘shti va mol go‘shtidagi yog‘ning farqi katta. Ya’ni qo‘y go‘shti tarkibida to‘yinmagan yog‘ kislotalari miqdori ko‘proq va hazm bo‘lish darajasi ham yaxshiroq. Odamda xolesterin yig‘ilishi natijasida kelib chiqadigan yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy sababi yomon xolesterin miqdori oshishida hisoblanadi. Bizning tadqiqot o‘zbeklardagi mana shu yomon xolesterin miqdorini aniqlashda bo‘ldi. Tadqiqot davomida O‘zbekistonda yashaydigan 263 kishini tanlab oldik. Ular qo‘y go‘shti ko‘p iste’mol qiladigan va mol go‘shti ko‘p iste’mol qiladigan guruhlarda edi. Natija shu bo‘ldiki, doimiy qo‘y go‘shti iste’mol qiladiganlarda yomon xolesterin kamroq bo‘lib chiqdi. Tadqiqotda qo‘y go‘shti yog‘larining tez eruvchanligi va oson hazmi sabab xolesterin yig‘ilishi nisbatan kamayishini ko‘rsatib berganmiz. Buni mutlaq to‘g‘ri xulosa, deb bo‘lmaydi. Chunki bizda odamlar soni kam edi. Aniq xulosaga kelish uchun esa tadqiqotni minglab odamlar o‘rtasida olib borish kerak. Qo‘y go‘shti iste’mol qilganlarda yomon xolesterin kamligi sababini esa keyingi izlanishda o‘rganamiz

— Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha dunyoni qanday xavflar kutib turibdi?

— Xavflarning eng kattasi bug‘doy va don mahsulotlari, chunki bu mahsulotlarni ishlab chiqarish mintaqalar bo‘yicha teng taqsimlanmagan, global darajada yetarli darajada ishlab chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi faktorlar ko‘p. Keyingisi hayvon, parranda mahsulotlari va o‘simlik mahsulotlaridan olinadigan protein yetarli emas. Umuman olganda xavflar ko‘p, yuqoridagi ikkitasi esa eng muhimlari.

– Iste’mol qilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz mazasi va foydasi oldingidek emasligi haqida ko‘p aytishadi. Bu qanchalik to‘g‘ri?

– Hozirgi kunda mahsulotlar mavsumidan oldin, tez yetishtiriladi. Bu esa keragidan ortiq o‘g‘it berish, pestitsidlar, gibritsidlarni ko‘p qo‘shish, uzoq muddat saqlash uchun konservatsiya vositalarini qo‘shishlarsiz amalga oshmaydi. Tabiiyki, bu kimyoviy vositalar inson organizmiga salbiy ta’sir qiladi. Issiqxona va ochiq mavsumiy holatda yetishtirilgan mahsulotlarning farqi bor. Mikronutriyentlarda farq qiladi. Pestitsidlar, konservatsiya vositalari organizmga tushganda uni hazm qilolmaymiz, chunki tanamiz bunga moslashmagan. Bu moddalarni chiqarishga urinish organizmimiz uchun stressli bo‘ladi.

Biroq oldingi usul bilan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirib, odamlarni ta’minlab bo‘lmaydi. Shuning uchun bugun dunyoda har xil texnologiyalardan foydalanib hosil yetishtiriladi. Ular ichida eng umidlisi vertikal farming yoki aqvafarming degan fikrni bildirishyapti. Yer yetishmagani sabab hosilni faqat gorizantal holatda emas, vertikal holatda ham o‘stirish mumkinmi yoki ularni suv va boshqa moddalar aralashmasidagi suyuqlikda o‘stirish mumkinmi, degan masalalar qo‘yilyapti. Ammo yangi texnologiyalar orqali olinadigan mahsulotlaring foydali yoki zararli ekanini aniq aytib bo‘lmaydi. Har bir mahsulotni alohida o‘rganib chiqish kerak. Masalan geni o‘zgartirilgan makkajo‘xori va oddiy makkajo‘xori o‘rtasida farq bor, biroq bu ular inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi degani emas. Har holda ishlab chiqaruvchilar shunday deb ilmiy tushuntirib berishgan. Lekin bu gap to‘g‘ri ekanini bilish uchun 10-15 yil vaqt kerak. Ya’ni shu mahsulotni iste’mol qilayotgan odamlarni tekshirib ko‘rib, keyin xulosa qilish mumkin. Bunda shunday mahsulotlarni iste’mol qiladigan odamlarning yoshga nisbatan o‘zgarishi, oziq-ovqat ta’siri chastotalari o‘rganiladi.

– Ovqatlanish odatlarining organizmga ta’sirini yaxshilash bo‘yicha qanday tavsiya bera olasiz?

— O‘zbekistonliklar uchun birinchi tavsiya: yeyotgan ovqatning hajmini kamaytirish. Ikkinchisi — oziq-ovqatning xilma-xilligini oshirish. Uchinchisi — yuqori kaloriyali ovqatlar miqdorini kamaytirish (oq un, shakar, shirinliklar). 10 yildan beri har yili kamida bir marta hamkasblarim bilan birga turli loyihalar bo‘yicha O‘zbekistonga boramiz. Ular doim nega buncha ko‘p ovqat aytdingiz, deb so‘raydi. Biz o‘zbeklarning tushlikka yeydigan ovqatimiz me’yoridan ikki barobar ko‘p, kechki ovqat ham shunday ikki barobar ko‘p. Bu narsa semizlikka, oziq-ovqatdan kelib chiqadigan turli kasalliklarga olib keladi.

— O‘zbekistonda qaysi mahsulotlar ko‘p iste’mol qilinadi, qaysilarini ratsionimizga kiritishni unutib qo‘yamiz?

— Kuzatishimcha, O‘zbekistonda meva-sabzavotlarning iste’moli nisbatan kam. Meva-sabzavotlar deganda faqat mavsumiylari tushunilmasligimiz kerak, yil davomida iste’mol qilinadigan meva-sabzavotlar bor. Masalan, yong‘oq mahsulotlari kam iste’mol qilinadi, keyin ho‘l mevalar ham kam, bular juda foydali, chunki ularning tarkibida ko‘p miqdorda antioksidant moddalar bor. Ular kerakli moddalar hisoblanadi, odam organizmida paydo bo‘ladigan salbiy moddalarni neytrallaydi va kasalliklarning oldini oladi.

— Fudomika bo‘yicha O‘zbekistonda qanday tadqiqotlar olib borilishini xohlagan bo‘lardingiz?

— AQSh va Indoneziyada har bir odamga anketa berilib, nima ovqat iste’mol qilayotgani, qancha iste’mol qilayotgani kuzatib boriladi va natijalar olinib, qon, siydikdagi moddalar metabolik darajada o‘rganilib, insonlar sog‘lig‘i bilan bog‘lanadi. Agar shunday katta izlanish olib borilsa, ko‘p uchraydigan xronologik kasalliklarning negizi topilishiga katta yordam bo‘ladi.

Kopengagen universitetida 4 talaba izlanish olib boryapti, 2 nafari mening aspirantlarim. Ular pishirish jarayonida oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibi o‘zgarishi ustida izlanishyapti. Masalan, qozonkabob yog‘i qozonga solingandan to ovqat pishgunga qadar yog‘dan namuna olib, zararli yog‘lar paydo bo‘lish dinamikasini o‘rganishyapti. Bu bo‘yicha izlanishning yakuniy natijalarini hali chiqarganimiz yo‘q. Lekin bir narsani aytish mumkinki, yuqori haroratda uzoq vaqt turgan yog‘da inson salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar miqdori bir necha barobar oshishi kuzatilyapti. Albatta, o‘rganishlar nihoyasiga yetsa, natijalarni sizlar bilan bo‘lishamiz.

 Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: