“Qo‘lingdan bitta jaket sotvolish kelmaydimi, uyatsizlar...” - TDPUda forma kiymagan talabalar bosimga uchradi

Jamiyat 15:27 / 21.09.2024 10778

Toshkent davlat pedagogika universitetida talabalar yagona forma kiyishga majburlanishi davom etyapti. Kun.uz'ga yuborilgan audioga ko‘ra, dekan o‘rinbosari dars tugagach auditoriyalarga kirib, talab qilingan dizayndagi formani sotib olish va kiyish bo‘yicha bosim o‘tkazgan.

Kun.uz'ga Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari forma kiyishga majburlanayotgani aytilgan audio kelib tushdi. Murojaatchilarga ko‘ra, “zamdekan” dars tugagach talabalar oldiga kirib, ularga bosim o‘tkazgan.

Taqdim etilgan audiodagi ovoz Pedagogika va psixologiya fakulteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Feruza Yo‘ldosheva ekani aytilmoqda.

Menga razmer-pazmer qilmalaring. Kim forma oldi, qo‘lini ko‘tarsin. Olganlar... Nimaga kiymagansizlar? Kiy ustingga. Qolganlar... Qani seniki? A?! Jaketini o‘zini bo‘lsa ham kiy. Mana men ham boshqa yubka bilan bo‘lsa ham kiyib yuribman-ku, yubkasi kattaligi uchun.

Nima, sizlarga alohida taklif kerakmi? Yoki katta bo‘lib qoldilaringmi 2-kursga o‘tib? A?! Kim katta bo‘lib qoldi, qo‘lini ko‘tarsin-chi?

Men bilmayman, razmer-pazmer bahonasi ketmaydi. Mana bu yerda [soat] 8 da yangi pachka kelyapti, sizlar og‘zilaringni ochib o‘tirguncha boshqa fakultet talabalari olib, kiyib o‘tiribdi. Sizlar yuribsizlar: “Kirsak, razmer yo‘q ekan”, deb. Shu tikuvchi yoki sotuvchining raqamini olvolsa bo‘ladimi?! Kelgan zahoti telefon qilib, tushib olaman, desa bo‘ladimi?!

Eplaganlar olib, o‘tiribdi-ku! Qo‘lingizdan kelmaydimi bitta jaket sotib olish? Uyatsizlar... Sen agar, to‘rtalang, qaytib qadamingni bosmaysan shu auditoriyaga, tushunding-a?” – degan u.

Dekan o‘rinbosari aytilgan gaplar so‘zsiz bajarilishi kerakligi, muhokama qilinsa, chora ko‘rilishini aytgan.

Agar mening gapim muhokama bo‘lib, mening gapim qilinmaydigan bo‘lsa bu yerda, sen bu joyda o‘tirmaysan, Aziza, Nodira. Sen ham, Xurshida... Maftuna, senga ham tegishli. Senlar o‘rnak bo‘lishing o‘rniga, ahvolingni qara! Senlarga o‘rnak bo‘lib o‘tiribdi orqangdagilar! Tushunarlimi?!

Topasiz qayerdan bo‘lsa ham! Kerak bo‘lsa, xuddi shunaqa material olib, tiktirib oling, hech kim qarshilik qilmaydi. Yaxshi gapni tengi bo‘lmayapsizlarmi, sizlar bilan boshqacha gaplashamiz endi. Yig‘ishtirib olinglar o‘zlaringni”, – degan u.

Kun.uz avvalroq bu universitetning bir guruh talabalari yagona majburiy forma qilinayotganidan noroziligi, bu talabni bajarmaganlar darsga kiritmaslik bilan qo‘rqitilayotgani haqida yozgandi.

Undan avval universitet ma’muriyati shu kabi e’tirozlarni rad etib, talabalar formani o‘z xohishi bilan sotib olishayotganini bildirgan. Oliygoh ma’muriyatiga ko‘ra, yagona forma – “kadrlarning ma’nan, jismonan, aqlan yetuk bo‘lishi uchun” kerak.

Ko‘proq yangiliklar: